“IT Park” kasaba uyushmasi Respublika miqyosida "Eng namunali boshlang’ich tashkilot" ko’rik tanlovida g’alaba qozondi

11-noyabr kuni butun respublika boʻylab “Kasaba uyushmalari kuni” milliy bayrami nishonlanadi. Mamlakatimiz kasaba uyushmalari 6 milliondan ortiq mehnatkashlarni oʻz ichiga olgan eng yirik jamoat tashkiloti boʻlib, ularning soni kundan-kunga oshib bormoqda. Shu bois respublikamizning barcha ishchi va xizmatchilari Kasaba uyushmalari kunini muhim sana sifatida keng nishonlaydilar.

Muhim sana doirasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yakunlanib borayotgan yil sarhisobiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazdi. Tadbirni Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Rafiqov Qudratulla Mirsagatovich tabrik nutqi bilan ochib berdi. Oʻz nutqi davomida, Federatsiya raisi soʻnggi 3 yil ichida mamlakatdagi kasaba uyushmalari aʼzolari soni tobora ortib borayotganini taʼkidlab, mazkur tadbir kasaba uyushmalari tarixida yangi davrning boshlanishi ekanligini eʼtirof etdi. 

“Yangi Oʻzbekiston yetakchisi rahbarligida kasaba uyushmalari mehnatkash xalq hayotini yengillashtirishga qaratilgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash siyosatini amalga oshirishda jamiyatdagi faol kuchga aylandi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining asosiy vazifalari kasaba uyushmalari sohasidagi kadrlarni yetkazib berish, tizimni yanada takomillashtirish, bu borada zamonaviy usullarni keng joriy etish, sohadagi kadrlar salohiyatini yildan-yilga oshirib borish va mamlakatda munosib mehnat sharoitlarini taʼminlashdan iborat”, — deya taʼkidladi Qudratulla Rafiqov. 

Kasaba uyushmalari xodimlari va faollarini taqdirlash marosimida “Eng namunali boshlangʻich tashkilot” respublika koʻrik-tanlovi natijalari eʼlon qilinib, “IT Park” gʻolib deb topildi. Birinchi oʻrin uchun mukofot va birinchi darajali diplomni tashkilot nomidan IT Park kasaba uyushmasi raisi Achilov Akram Djalalitdinovich qabul qilib oldi.

Mazkur tanlov gʻolibini aniqlash uchun joriy yil davomida respublikalararo jamoa shartnomasi loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish, mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, kasaba uyushmalari aʼzolarining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish borasidagi ishlar, shuningdek, mehnat munosabatlarini tartibga solishdagi ishtiroki gʻoliblarni aniqlashning asosiy mezonlari boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning iyul oyida, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Toshkent shahrida roʻyxatga olingan kasaba uyushmalari orasida “Eng namunali boshlangʻich tashkilot” koʻrik tanlovida ham “IT Park” gʻoliblikni qoʻlga kiritgan edi. Tanlovda gʻolib boʻlish IT Parkʼning professionalligi va samaradorligini taʼkidlabgina qolmay, balki oʻz faoliyatida yuqori standartlarga intilayotgan boshqa tashkilotlar uchun namuna sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.

Mazkur tanlov yilda ikki marta, mamlakatimiz miqyosidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan boshlangʻich kasaba uyushma boʻlinmalarining namunali faoliyatini munosib eʼtirof etish va ragʻbatlantirish, ilgʻor tajribalarini ommalashtirish, mazkur korxonalarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va rivojlanishidagi rolini kuchaytirish maqsadida oʻtkazib kelinadi.

2023-11-11