30-maydan 3-iyunga qadar Jenevada (Shveytsariya) World Summit on the Information Society Forum 2022 (WSIS 2022) yakuniy haftasi boʻlib oʻtadi. Sammit BMT tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar tuzilma tarkibiga kiruvchi Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan tashkil etilgan.
Forumda jami 70 dan ortiq davlat ishtirok etmoqda. Mazkur keng ko‘lamli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi nomidan Mamlakatimiz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT Park ishtirok etmoqda.
2012-yildan boshlab BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlar – BMT YIK, UNESCO, UNICEF, JSST ishtirokida WSIS doirasida har yili mamlakatlar, shaharlar va mintaqalar o‘rtasida ijtimoiy ahamiyatga ega IT xizmatlarini yaratishda erishilgan yutuqlariga bag‘ishlangan “WSIS Prizes” tanlovi oʻtkazib kelinmoqda. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad hayotning barcha jabhalarida joriy etishga mo‘ljallangan muvaffaqiyatli xalqaro tajribalarni aniqlashdan iborat.
“WSIS Prizes” mukofotiga butun dunyo boʻylab ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish maqsadida AKT salohiyatini ishga soluvchi ko‘zga ko‘ringan loyihalar 18 ta nominatsiya boʻyicha loyiq ko‘riladi.
IT Park tomonidan amalga oshirilgan Tumaris.Tech loyihasi “Capacity building” nominatsiyasida g‘olib chiqib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha sovrin qo‘lga kiritdi.
Tumaris.Tech – IT Park Uzbekistan tomonidan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan eng yirik loyihalardan biri. U 2020-yil iyul oyida ishga tushirilgan.
Ma'lumot uchun: Loyihaga bejizga bunday nom berilmagan: loyiha sak va massagetlar qabilasi g'alabasi, erkinligi va qudrati ramziga aylangan malika To’maris (ba'zi nashrlarda Tomiris) sharafiga nomlangan. Sak va massagetlar mamlakati tarixda hozirgi zamonaviy O'zbekiston hududining bir qismini o’z ichiga olgan. To‘maris yoshligida massagetlar hukmdori bo’lish uchun kurashdi va buni o‘zining mardligi, jasorati, xalqiga sadoqati bilan isbotladi.
Tumaris.Tech dasturi ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha bir necha tarkibiy qismlardan iborat. U ayollarning AKT ekotizimiga jalb etilishini oshirishga qaratilgan bo‘lib, BPO (Business Process Outsourcing) ni rivojlantirishdan tortib, frilanser sifatida ishlashni xohlovchi ayollarga ta’lim berish, startaplarni rivojlantirish, va investitsiyalar boyicha treninglargacha bo‘lgan yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Ikki yil ichida loyiha 30 ta startap koʻrinishida oʻz samarasini berdi va 200 dan ortiq qizlar IT sohasida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi. Hozirda loyiha Markaziy Osiyo bo‘ylab kengaymoqda, endilikda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston vakillari ham Tumaris.Tech dasturlarida ishtirok etishlari mumkin. Ushbu bosqichda loyiha Beeline Uzbekistan raqamli operatori, TBC Bank, shuningdek, "Wonder Women" ayollar hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tumaris.Tech loyihasi esa IT-Park ahil jamoasi Filippova Anastasiya (loyiha koordinatori), Salavatova Elvira (loyiha bosh menejeri), Musurmankulova Madina (loyiha menejeri), Xalibayeva Jamilya (PR ko'mak), Atabayeva Zaynab (assistent).
Ma’lumot uchun: World Summit on the Information Society Forum 2022 15-mart kuni virtual formatda oʻz ishini boshladi va yakuniy hafta 2022-yilning 30-mayidan 3-iyuniga qadar Jenevada bo‘lib o‘tadi. WSIS 2022 forumining bu galgi shiori “AKT: farovonlik, inklyuzivlik va barqarorlik uchun. Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) yoʻlida WSIS doirasidagi hamkorlik”.
2022-06-01