Massachusets texnologiya instituti (MIT) qoshidagi Legatum markazida “Markaziy Osiyoda texnologik o‘zgarishlar: innovatsiyalar kelajagini shakllantirish” mavzusida Brownbag Talk formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov so‘zga chiqdi va Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan texnologik muhiti haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvni “MIT” qoshidagi “Legatum” markazi ilmiy xodimi Shamil Ibragimov boshqardi. Muhokama davomida u mintaqaning axborot texnologiyalari infratuzilmasi izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonning global IT-markazga aylanish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga alohida e’tibor qaratdi, shuningdek, o‘sishni tezlashtirish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Muhokamaning asosiy mavzusi IT Park Uzbekistan va “Astana Hub” rahbarligidagi “Central Asian Innovation Hubs” tashabbusi — Markaziy Osiyo startap ekotizimlarini birlashtirish va ularning xalqaro miqyosda ishtirokini kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy loyiha bo‘ldi. Ushbu hamkorlik Markaziy Osiyoda startaplarning o‘sishiga, jahon yetakchilari bilan aloqalar o‘rnatishga va o‘z innovatsiyalarini global miqyosda namoyish etishga ko‘maklashadi.
Abdulahad Kuchkarov, shuningdek, IT-sohani rivojlantirish hamda O‘zbekistonning texnologik salohiyati va autsorsing imkoniyatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda IT Parkning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Tashkil etilganidan buyon IT Park startaplarni qo‘llab-quvvatlash va “Plug and Play Tech Center”, “Seedstars” kabi mashhur global tashkilotlar hamda “Sturgeon Capital” va “Domino VC” singari venchur fondlarini jalb qilishga e’tibor qaratib kelmoqda. Ushbu strategik hamkorliklar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning shiddat bilan rivojlanayotgan texnologik ekotizimida yetakchi o‘ringa olib chiqishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
U, shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan texnologiya sohasiga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlashni ta’kidlab, barqaror raqamli iqtisodiyotni yaratishning ham qiyinchiliklari, ham istiqbollariga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, yaqinda tashkil etilgan 10 million dollarlik IT Park venchur fondi va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan “Local2Global” dasturi kabi IT Park qo‘llab-quvvatlash dasturlari va tashabbuslarini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu tashabbuslar Markaziy Osiyoda texnologiyalarning rivojlanish istiqbollari va mintaqaning jahon maydonidagi o‘rni kuchayib borayotgani haqida chuqur tasavvur beradi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, O‘zbekistonning jahon innovatsion hamjamiyati bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida “MIT” ekotizimi, jumladan Legatum markazi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
“Legatum” markazidagi tadbir mintaqaning innovatsiyalar, investitsiyalar va hamkorlik uchun ulkan salohiyatini namoyish etdi va Markaziy Osiyo global raqamli o‘zgarishlarning muhim ishtirokchisiga aylanadigan kelajak uchun zamin yaratdi. Xalqaro hamkorlik va “Central Asian Innovation Hubs” kabi strategik tashabbuslar tufayli O‘zbekiston jahon texnologik ekotizimida yetakchi o‘yinchiga aylanishga intilmoqda.
2024-11-01