IT Parkʼning Koreyadagi vakolatxonasi Janubiy Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda

30-oktyabr kuni Seulda IT Park vakolatxonasining ochilishi Oʻzbekistonni xalqaro IT-maydonida ilgari surish uchun muhim qadam boʻldi. IT Parkʼning Koreya filiali ikki mamlakat IT-sohalarini bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajarib, hamkorlik oʻrnatish va Koreya kompaniyalariga Oʻzbekiston salohiyati bilan tanishish imkonini bermoqda.

IT Park Uzbekistanning Janubiy Koreyadagi vakili Nodirbek Berdikobilov Janubiy Koreyaning yetakchi IT-kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Uchrashuv davomida u mamlakatning texnologik biznes uchun ishbilarmonlik muhiti imkoniyatlari, qoʻshma loyihalarni rivojlantirish, mahalliy mutaxassislarni jalb etish va Oʻzbekistondan kompaniyalar faoliyatini kengaytirish haqida maʼlumot berdi.

Anse Accounting Corp

“Anse Accounting Corp” direktori Jongvu Kim bilan uchrashuvda Oʻzbekistonning xorijga xizmat koʻrsatish maydoni sifatidagi afzalliklari muhokama qilindi. IT Park vakili “Zero Risk” dasturini taqdim etib, IT Park rezidentlari uchun qulay sharoitlar, soliq imtiyozlari va hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari haqida soʻzladi. Jongvu Kim autsorsing xizmatlari uchun Oʻzbekistonda ofis ochishga qiziqish bildirdi. Yaqin kelajakda kompaniya vakillari Oʻzbekiston biznes muhiti va mintaqaviy infratuzilmani batafsil oʻrganish uchun mamlakatga tashrif buyuradi.

“Anse Accounting Corp” — 2007-yilda tashkil etilgan, 396 nafar xodimi va 71 million dollar daromadi bilan sohada 10-oʻrinni egallab turgan kompaniya hisoblanadi.

OGN

Nodirbek Berdiqobilov “OGN” kompaniyasi prezidenti Nam Yun Seng bilan uchrashuv oʻtkazdi. “OGN” vakili xorijda ofis ochish rejalari bilan oʻrtoqlashdi va Oʻzbekistonning imkoniyatlariga alohida qiziqish bildirdi. Mamlakat salohiyati haqida maʼlumot olgan Nam Yun Seng Oʻzbekistonga oʻyin sanoatida Maʼlumotlar tahlili (Data Analytics) yoʻnalishini rivojlantirish uchun strategik markaz sifatida koʻrib chiqish niyatini bildirdi. Yaqin kelajakda kompaniya vakillari ofis ochish tafsilotlarini muhokama qilish va Oʻzbekistonda “OGN” kompaniyasini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini shakllantirish uchun navbatdagi uchrashuv oʻtkazadilar.

“OGN” kompaniyasi oʻyinlar uchun maʼlumotlar tahlili, shuningdek, oʻyin qahramonlarini vizualizatsiya qilish (Motion capture) bilan shugʻullanadi. 2023-yilda kompaniyaning aylanmasi 28 million dollarni, xodimlari soni esa 105 kishini tashkil etdi.

YourD

“YourD” kompaniyasi asoschisi Cho Gene bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar Koreyadagi loyihalar uchun koreys tilida soʻzlashuvchi mahalliy fintech mutaxassislarini jalb qilish, shuningdek, qoʻshni davlatlarga kengayish maqsadida Oʻzbekistonda ofis ochishni muhokama qildilar. Yanvar oyida kompaniya vakillari infratuzilmani oʻrganish va nomzodlar bilan dastlabki tanishish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

“YourD” — moliyaviy texnologiyalar sohasida yechimlar ishlab chiqish va autentifikatsiya hamda toʻlovlar yordamida Web 3.0 infratuzilmasini yaratish bilan shugʻullanadigan kompaniya.

Studio Popcorn

Shuningdek, Seulda “Studio Popcorn” kompaniyasi asoschisi Xvang Jun Xo bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Vetnamda allaqachon autsorsing ofisiga ega boʻlgan kompaniya oʻz geografiyasini yangi bozorlarga kengaytirish imkoniyatlarini faol oʻrganmoqda. “Zero Risk” dasturining afzalliklari va mamlakatning koʻp tilli kadrlar zaxirasi bilan tanishgach, “Studio Popcorn” vakili ofisni Oʻzbekistonga koʻchirishga qiziqish bildirdi hamda biznes yuritish uchun qulay sharoitlar va ular tufayli kelajakdagi rivojlanish istiqbollarini taʼkidladi. Uchrashuv doirasida Nodirbek Berdikobilov mamlakatning mavjud ofis binolari va infratuzilma imkoniyatlarini shaxsan baholash uchun “Studio Popcorn” jamoasini Oʻzbekistonga amaliy tashrifi bilan kelishga taklif etdi.

“Studio Popcorn” — multfilmlar va animatsiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniya. Kompaniyada 78 nafar xodim mehnat qiladi.

Malgnsoft

“Malgnsoft” kompaniyasi bosh direktori Daniel Xa bilan Oʻzbekistonda 2025-yil boshida ofis ochish rejalari muhokama qilindi. Oʻzbekistonda LMS platformasini ishlab chiqish va Janubiy Koreyadagi mijozlar uchun IT boʻyicha onlayn darslar tayyorlash rejalashtirilgan. “Malgnsoft” vakillari Oʻzbekistondagi sharoitlar bilan yaqindan tanishish uchun yaqin vaqt ichida tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Kompaniya koreys tilida soʻzlashuvchi nomzodlarga qiziqish bildirdi.

“Malgnsoft” — sunʼiy intellekt uchun yechimlar ishlab chiquvchi va LMS (oʻqitishni boshqarish tizimlari) yaratish bilan shugʻullanuvchi kompaniya. Kompaniyaning 2023-yildagi aylanmasi 5 million dollarni tashkil etdi va unda 30 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi.

Campung

Nodirbek Berdikobilov “Campung” kompaniyasi prezidenti So Jivon bilan uchrashuv oʻtkazdi. IT Park vakili Oʻzbekistondagi isteʼdodlar haqida maʼlumot berdi, shuningdek, kompaniyaning qoʻshni mamlakatlarni birlashtirgan holda Oʻzbekiston bozorida taqdim etilishi mumkin boʻlgan onlayn platformasiga qiziqish bildirdi. Shuningdek, u “Zero Risk” dasturining afzalliklari haqida gapirib berdi.

“Campung” kompaniyasi vakillari jiddiy qiziqish bildirishdi va kelgusi yil yanvar oyi oxirigacha Oʻzbekistonda ofis ochish niyatida.

“Campung” — dasturiy yechimlarni, shuningdek, Koreyadagi xalqaro talabalarga vakansiyalar eʼlonlari uchun onlayn platforma va onlayn taʼlim platformasini taklif qiluvchi kompaniya. Kompaniyada 30 kishi mehnat qiladi.

Novaflo

“Novaflo” kompaniyasi bosh direktori O Yong Bin bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar hamkorlik va Oʻzbekistonda ofis ochish istiqbollarini muhokama qildilar. “Zero Risk” dasturining qulay sharoitlaridan hayratda qolgan “Novaflo” vakillari ofis ochish haqida oʻylab qolishdi va koreys tilida soʻzlashuvchi IT-mutaxassislar zaxirasiga qiziqish bildirishdi.

“Novaflo” — VR/AR, UI/UX yechimlarini ishlab chiqaruvchi kompaniya boʻlib, unda 27 kishi ishlaydi.

Muzokaralar Janubiy Koreya kompaniyalarining Oʻzbekiston bilan hamkorlikka boʻlgan qiziqishini namoyish etdi. Soliq imtiyozlari va iqtidorli IT-mutaxassislardan foydalanish imkoniyatini taqdim etuvchi IT Parkning qoʻllab-quvvatlashi tufayli Oʻzbekiston investitsiyalar va innovatsion loyihalarni jalb qilish orqali xalqaro bozorda oʻz oʻrnini mustahkamlamoqda.

2024-12-12