IT Park oʻz rezidentlari faoliyatini kengaytirmoqda — Vazirlar Mahkamasi qarori

2023-yil 29-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT PARK) rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat berilgan faoliyat turlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Endilikda, kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra, IT Park rezidentlari multimedia va dizayn xizmatlarini (veb-dizayn, grafik dizayn, kompyuter oʻyinlari dizayni, vektor grafikasi, 3D grafika, vizualizatsiya dizayni, moushen-dizayn) taqdim etish, dasturiy mahsulotdan foydalangan holda multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari sohasida venchur moliyalashtirish va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish faoliyatini, shuningdek, kibersport sohasida xizmatlar koʻrsatish huquqiga egalar.

Shu bilan birga, yangi faoliyat turlariga muvofiq IT Park rezidenti maqomini olish uchun yuridik shaxslar quyidagi mezonlarga javob berishlari kerak:

— axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish uchun — yuridik shaxslar IT Park yoki uning filiallari hududidagi yuridik manzilda joylashgan boʻlishi kerak;

— kibersport sohasida xizmatlar koʻrsatish uchun yuridik shaxslar IT Park tomonidan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha xalqaro sertifikatga ega boʻlishlari kerak.

Yangi faoliyat turlari axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarni koʻpaytirish, yoshlarning multimedia, dizayn, animatsiya, kibersport boʻyicha bilimlarini rivojlantirishga hissa qoʻshishi, shuningdek, startaplarni moliyalashtirish va qoʻllab-quvvatlashga yordam berishi kutilmoqda.

Shubhasiz, bularning barchasi sohaning asosiy maqsadi — 2030-yilga borib eksport hajmini $5 milliardgacha oshirishga tayanib, kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirishga va mamlakatimizda IT-xizmatlar eksporti salohiyatini yuksaltirishga zamin yaratadi.

2024-01-02