IT Park Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanini rivojlantirmoqda

Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida IT Park filiali qurilishi yakunlandi — umumiy maydoni 5072 kv.m boʻlgan uch qavatli binoda “MAAB Innovation” kompaniyasi joylashgan, shuningdek, tez orada IT Park rezidenti hisoblangan eksportchi kompaniya — “Unicall” ofisi joylashadi.

Koʻkdala tumani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2022-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirda bu yerda 180 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Iqtisodiy salohiyatni faol oshirish va aholini ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsadida IT Park Uzbekistan tuman hokimligi bilan birgalikda qulay biznes muhiti va rivojlangan infratuzilmani yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirdi.

Xususan, IT Park filialida “Zero Risk” dasturiga qiziqish bildirgan kompaniyalar faoliyatini boshlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Rezidentlar zarur texnik uskunalar bilan jihozlangan ofislarga joylashib, oʻz faoliyatlarini tez va samarali boshlashlari mumkin boʻladi. Bundan tashqari, filialning har bir qavatida kovorking-zona mavjud boʻlib, u yerda frilanserlar oʻz loyihalari ustida qulay sharoitlarda ishlashlari mumkin.

Operatsion xarajatlarni optimallashtirish va yangi bozorlarga chiqishga qiziqqan kompaniyalar mazkur imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Buning uchun saytda ariza toʻldirish kerak.

Mahalliy yoshlarni rivojlantirish

Koʻkdala tumanidagi IT Parkʼda maxsus taʼlim sinflari tashkil etilgan boʻlib, u yerda barcha xohlovchilar sifatli IT-taʼlim olishlari va chet tillarini oʻrganishlari, kelgusida tumanni tark etmagan holda yetakchi xorijiy kompaniyalarda ishlashlari mumkin.

Ushbu maqsadni amalga oshirishda “MAAB Innovation” — autsorsing sohasida xalqaro bozor bilan muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan oʻzbek IT kompaniyasi yordam beradi. “MAAB” mahalliy yoshlarni talab yuqori boʻlgan IT yoʻnalishlarida oʻqitishni rejalashtirmoqda — sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan tumandagi dastlabki 22 talaba taʼlim olishni boshlashga tayyor boʻlishadi.

Dastur nafaqat dasturlash boʻyicha ilgʻor kurslarni, balki soft skills boʻyicha kasbiy rivojlanishni ham oʻz ichiga oladi, bu esa yosh mutaxassislarga xalqaro kompaniyalar talablariga muvaffaqiyatli moslashishga yordam beradi. Ushbu tashkilotda taʼlim kursini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar “MAAB Innovation” kompaniyasida kafolatlangan ish oʻrniga ega boʻlishlari va AQShdagi yirik IT-korxonalarning IT-loyihalarini amalga oshirishlari mumkin.

Bundan tashqari, qavatlardan birida xorijiy tashkilotlarning aloqa markazlarida (BPO-xizmatlar) ishlash uchun mutaxassislarni yollashni rejalashtirayotgan IT Park Uzbekistan rezidenti — “Unicall” kompaniyasi ofisi joylashadi. Ishga qiziqqan, xorijiy tillarni biluvchi yosh yigit-qizlar vakansiyalarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida maʼlumot olish va ishga joylashish uchun IT Park Karshiʼga murojaat qilishlari mumkin: +998 97 738 01 20.

Mazkur ijtimoiy loyiha mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirish va yoshlarning malakasini oshirish borasida IT Parkning strategik qadami hisoblanadi. U Oʻzbekistonning barcha hududlariga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish va mamlakatni global IT-xabga aylantirish yoʻlida barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli Koʻkdala tumanida yirik IT va autsorsing kompaniyalari joylashadi, shuningdek, yangi ish oʻrinlari yaratiladi, bu esa oʻz navbatida mintaqaning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlaydi.

2024-07-30