IT Park Qatarda: “Web Summit”, “Uzbekistan Tech Conference” tadbirlarida qatnashish va Qatar kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish

Bosh direktori oʻrinbosari Jahongir Radjabov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan delegatsiyasi 24-29 fevral kunlari xalqaro texnologiya sammiti va “Web Summit Qatar 2024” konferensiyasida qatnashish, Doha shahrida “Uzbekistan Tech Conference” tadbirini tashkil etish va Oʻzbekistonga eksportga yoʻnaltirilgan xorijiy IT-kompaniyalarni jalb qilish maqsadida Qatarning IT-kompaniyalari bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun amaliy tashrif bilan Qatarda boʻldi.

Safar doirasida delegatsiya Oʻzbekistonning IT-biznes yuritish uchun eng yaxshi yoʻnalish sifatidagi salohiyatini namoyish etdi, shuningdek, Qatar biznesi vakillari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini oʻrganib chiqdi.

Tashrifning muhim tarkibiy qismi IT Park delegatsiyasining 26-29 fevral kunlari MENA mintaqasida birinchi marta boʻlib oʻtgan va xalqaro texnologiya gigantlari, startaplar, soha mutaxassislari va butun dunyo boʻylab texnologiya ixlosmandlarini jalb qilgan dunyodagi eng yirik texnologik konferensiya — “Web Summit Qatar 2024” da ishtirok etishi boʻldi.

Toʻrt kun davomida “Doha Exhibition and Convention Center” binosida boʻlib oʻtgan sammitga 118 mamlakatdan 15 453 nafar ishtirokchi tashrif buyurdi. Unda 81 mamlakatdan 1043 ta kompaniya oʻz texnologik innovatsiyalarini namoyish etishdi. Tadbirning xalqaro auditoriyasi 401 nafar investor, 148 nafar hamkor va 380 nafar maʼruzachilarni birlashtirdi. Sammit 900 ga yaqin texnologik jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yoritildi.

IT Park rezident kompaniyalari – “Tass Vision”, “Iman”, “OneApply” va “Speaklish” “Web Summit Qatar” koʻrgazmasida investorlar va koʻp sonli texnologik tadbirkorlar auditoriyasiga oʻz mahsulotlarini taqdim etdilar.

Taʼkidlash joizki, “Iman” startapi “Pitch Competition” final bosqichiga chiqdi — ushbu tanlovda dunyoning 40 ta eng yaxshi startaplari investorlar va tadbirkorlarning keng auditoriyasi oldida oʻz loyihalarini taqdim etish boʻyicha bellashdilar.

IT Park delegatsiyasi sammitda ishtirok etgan yetakchi kompaniyalar, jumladan “Halabyte”, “Integrar Tech”, “Colendi”, “Easy Signage”, “Snoonu”, “Trinetix” va “TS Qatar” bilan 20 dan ortiq uchrashuvlar oʻtkazdi.

“Halabyte” kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha menejeri Mixindu Depp bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda hamkorlik istiqbollari, rivojlanish strategiyasi va kompaniyani Oʻzbekistonga jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Kompaniya Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochishga qiziqish bildirdi va mahalliy IT-kompaniyalar bilan autsorsing sohasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

“Integrar Tech” startapi asoschisi Jovanni Kvintos bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekistondagi IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, IT Park rezidentlari foydalanayotgan imtiyozlar taqdim etildi, shuningdek, Oʻzbekistonda IT-autsorsing ofisini ochish taklif etildi.

“Web Summit Qatar” doirasida Turkiyaning “Colendi”, Avstraliyaning “Easy Signage”, Ukrainaning “Trinetix” va Qatarning “Snoonu” va “Meeza” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Mazkur uchrashuvlarda IT-mutaxassislarning salohiyati va Oʻzbekistondagi IT-kompaniyalar foydalanishi mumkin boʻlgan imtiyozlar, jumladan, soliq imtiyozlari va “Zero Risk” dasturi taqdim etildi. Barcha kompaniyalar Oʻzbekistonda IT-autsorsing ofislarini ochish va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishga qiziqish bildirishdi.

Oʻzbekiston tomonidan IT-biznesni yuritish uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlarni batafsil oʻrganish uchun kompaniyalar 18-20 mart kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida boʻlib oʻtadigan “Offshore Outsourcing Tour” tadbiriga taklif qilindi.

Biznes vakillari bilan uchrashuvlardan tashqari IT Park delegatsiyasi Qatar Milliy banki, Qatar Islom banki, “Qatar Development Bank” va “Qatar Financial Center” delegatsiyalari bilan muzokaralar olib bordi.

Qatar moliya markazi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi. Tashkilot, shuningdek, Qatar bozoriga kirish istagida bo‘lgan startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi va bu maqsadda yangi startaplar uchun $500 000 dan boshlab, tasdiqlangan kompaniyalar uchun esa $5 milliongacha grantlar ajratdi. Startaplar IT Park Uzbekistan investitsiya bo‘limiga murojaat qilib grant olish uchun ariza topshirishlari mumkin.

Qatar Milliy bankining operatsion loyihalar boʻyicha katta menejeri Kameliya Laviniya Oʻzbekistonda “Raqamli bank” loyihasini ishga tushirish, koll-markaz va dizaynerlar jamoasiga ega ofis ochishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, IT-kompaniyalar uchun IT Park tomonidan taqdim etilayotgan dasturlar va malakali mutaxassislarni jalb qilishda koʻmaklashish masalalarini muhokama qilindi.

Qatar Islom bankining axborot texnologiyalari boʻlimi rahbari Xurram Qodir IT Park faoliyati, jumladan fintech (moliyaviy texnologiyalar) sohasidagi rezidentlar bilan yaqindan tanishdi va ularning faoliyatiga qiziqish bildirdi. Tomonlar oʻz faoliyatlarini tahlil qilish uchun batafsil maʼlumot berishga kelishib oldilar.

Amaliy tashrif yakunlari boʻyicha “TS Qatar”, “Easy Signage” va “Snoonu” kompaniyalari Oʻzbekistonda ishlab chiqish ofislarini ochishi kutilmoqda. 2024-yil oxiriga kelib kamida 50 ta ish oʻrni yaratiladi, IT-xizmatlar va mahsulotlarning umumiy eksporti hajmi esa $3 millionga oshadi, shundan Qatarga qilingan eksport eksport hajmi $1 millionni tashkil qiladi. Qatarlik investorlar va venchur fondlari 2024-yilda Oʻzbekistondagi startaplarga kamida $1 million sarmoya kiritishadi.

“Biz hozirda Oʻzbekistonga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish boʻyicha faol ish olib bormoqdamiz va Qatar bu borada biz uchun juda muhim hamkordir. Ushbu mamlakat MENA mintaqasidagi asosiy oʻyinchilardan biri boʻlib, Oʻzbekiston kompaniyalari allaqachon oʻz mahsulotlarini ushbu mintaqaga faol eksport qilmoqdalar. Ishonchimiz komilki, bizning tashrif rezidentlarimiz eksporti hajmini oshirish va xalqaro kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilishga yordam beradi”, — dedi Jahongir Rajabov. “Qatar ishbilarmon doiralari vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar va “Web Sammit” konferensiyasida ishtirok etish global maqsadimiz — Oʻzbekistonni xalqaro IT-autsorsing markaziga aylantirish va 2030-yilga borib respublika xizmatlar eksportini $5 milliardga yetkazish yoʻlidagi koʻplab strategik qadamlardan biridir.”

2024-03-01