IT Park Qoraqalpog‘iston ayollari uchun ta’lim loyihasini ishga tushirdi

IT Park USAID agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida AKT bo‘yicha Qoraqalpog‘iston qishloq ayol-qizlari uchun keng qamrovli “IT Women Karakalpakstan” dasturini ishga tushirdi.

Dastur pilot tarzida ishga tushirildi. Unda ayollarga AKTning asosiy ko‘nikmalari bo‘yicha bilimlar berish nazarda tutilgan bo‘lib, bu ularga kelajakda ish yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Dastur ishtirokchilariga ta’limdan tashqari mentorlik ko‘magi ham beriladi.

Loyiha doirasida 60 nafar xotin-qizlar IT Park ko‘magida Nukus shahridagi IT-akademiya tomonidan tashkil etilgan bepul o‘quv kurslarida ishtirok etadi. Ularning 30 nafari grafik dizayn kurslari, 30 nafari SMM yo‘nalishiga tahsil oladi.

Ushbu tashabbus USAIDning iqlim oʻzgarishidan jabr koʻrgan ayollarga kasbiy bilimlarni egallashda ko‘maklashish, mikrokreditga ega bo‘lishda yordam berish, shuningdek, amaliyot oʻtash, ishga joylashish va maslahat berish orqali ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan keng qamrovli dasturining bir qismidir.

USAID’ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit ta’kidlaganidek, ayollar raqamli va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali elektron tijorat bilan shug‘ullanishlari, global va mahalliy platformalar orqali tovarlarni sotishlari, o‘z bizneslarini ilgari surish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishlari hamda boshqa imkoniyatlarga ega bo‘lishlari mumkin. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish gender tengligiga erishish, turmush darajasini oshirish hamda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning kalitidir.

2022-07-04