IT Park rahbariyati mamlakat yoshlari va mintaqaviy rezidentlar bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi

Oʻzbekiston yoshlari kuni arafasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya Koʻkdala tumani hokimi Xurram Joʻrayev bilan birgalikda IT Park rezidentlari va viloyat yoshlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvlarda, shuningdek, IT Park bosh direktori oʻrinbosari Fayzulla Aripjanov, “Maab Innovation” MCHJ, “Unicall” MCHJ rahbari va “IT Bilim” markazi rahbari Farrux Rasulev ishtirok etdi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad mahalliy rezidentlar faoliyati va yoshlarni ish oʻrinlari bilan taʼminlash dinamikasi bilan yaqindan tanishish edi. IT Park vakillari “Mars,“ “New Team development,“ “Fathtime,“ “IT Call Qarshi“  va “IT Park Education Karshi” taʼlim muassasalari uchun Qashqadaryo viloyati rezident kompaniyalari rahbarlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Uchrashuv davomida tomonlar mintaqada IT sohasini rivojlantirish, yangi rezidentlarni jalb qilish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha fikr almashdilar. Shuningdek, hokim Xurram Joʻrayevga hududda samarali eksport faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun rezidentlar va ularning xodimlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, Koʻkdala tumanida Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park delegatsiyasi iqtidorli yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, hududdagi IT-kompaniyalarda kasbiy tayyorgarlik va ishga joylashish darajasini oʻrgandi. Muhokama davomida Koʻkdala tumanida IT sohasini rivojlantirish va xorijiy tillarni oʻqitishni kuchaytirish boʻyicha qator takliflar bildirildi. Mahalliy taʼlim muassasalarini texnik uskunalar bilan jihozlash zarurligi muhokama qilindi va Farhod Ibragimov mazkur masalani hal qilish uchun zarur choralar koʻrilishini taʼkidladi. Bundan tashqari, IT-mutaxassislar va malakali kadrlar sonini oshirish maqsadida IT-BILIM markazi rahbari Farrux Rasulev aholiga markaz tomonidan taqdim etiladigan imtiyozli kreditlardan foydalanish imkoniyati haqida maʼlumot berdi.

Bundan tashqari, IT Park rahbariyati yosh isteʼdodlar va IT Park rezidentlari bilan muloqot qilish, shuningdek, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlaridagi ehtiyojlarni aniqlash uchun mamlakatning boshqa hududlariga ham tashrif buyurdi.

Fargʻona viloyatida “IT Call Fergana” va “Audiotele” rezident kompaniyalari bilan ish jarayonlari va xizmatlar eksporti boʻyicha rejalarni oʻrganish maqsadida uchrashuvlar oʻtkazildi. Kompaniyalar vakillari hozirda xodimlarni izlash va moslashtirish bilan faol shugʻullanayotganini maʼlum qilishdi — masalan, sentabr oyiga qadar “Audiotele” 100 dan ortiq ish oʻrni yaratishni rejalashtirmoqda. “Wegweiser” va “Registon Learning Center” oʻquv markazlarida IT Park vakili xorijiy tillarni oʻrganayotgan talabalar bilan suhbatlashdi va oʻquv dasturi bilan tanishdi.

Toshkent viloyatida, xususan, Nurafshon va Chirchiq shaharlari hamda Yuqori Chirchiq tumanida “Rubicon Tech Innovation” (Hindiston), “Weayaa” (Janubiy Koreya), “H and K Group” (Yaponiya) rezidentlari va boshqalar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Muhokamalar doirasida yaqin atrofdagi tumanlarda eksportni rivojlantirish va yoshlarni ish bilan taʼminlash sohasidagi mavjud vaziyat, shuningdek, ushbu kompaniyalarda ishga joylashishlari mumkin boʻlgan malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha zarur taʼlim dasturlari taqdim etildi. Umuman olganda, mazkur rezidentlar Toshkent viloyati aholisi uchun 1 000 dan ortiq ish oʻrni yaratdilar.

Sirdaryo viloyatida IT Park vakili Sirdaryo tumanidagi qurilayotgan IT-shaharchada BPO-markazlari uchun ajratilgan ofislarni, shuningdek, Sirdaryo Biznes-akseleratori binosida tashkil etilgan autsorsing markazini oʻrganib chiqdi, bu yerga joriy yil yakuniga qadar eksport qiluvchi kompaniyalar jalb qilinadi va 50 ta ish oʻrni yaratiladi. Tadbir soʻngida “Unicall” rezident kompaniyasida, shuningdek, Guliston shahridagi IT Park filiali binosida sirdaryolik yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. “Digital Academy,“ “Devosoft” va “Tez Yetkaz” kompaniyalari ishtirokida hududdagi yosh isteʼdodlarni ishga joylashtirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda ularning malakasini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar oʻrganildi.

Oʻtkazilgan uchrashuv va tashriflar ish oʻrinlarini koʻpaytirish va aholi farovonligini oshirishga, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash dasturlarini kuchaytirishga, yoshlarni oʻquv kurslari va zarur kompyuter uskunalari bilan taʼminlashga xizmat qilmoqda. Oʻzbekistonning kadrlar salohiyati mamlakatning xalqaro bozordagi eng muhim afzalliklaridan biri boʻlib, uni rivojlantirishga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar muttasil oshib boradi.

2024-06-29