“IT Park Rewind 2022” qanday oʻtdi?

24-iyul kuni Astrum IT-akademiyasida yillik “IT Park Rewind 2022” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan Direktori Farhod Ibragimov, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri devoni vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, IT Park hamkorlari va rezidentlari ishtirok etdilar.

“IT Park Rewind 2022” ni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov oʻzining tabrik soʻzi bilan ochdi. 

U so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston AKT sohasi ulkan oʻzgarishlardan oʻtganini, sohaning jadal rivojlanishida IT Parkʼning o‘rni yuksakligini ta’kidladi va bunday muvaffaqiyatlarda ishtirok etgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

IT Park Uzbekistan Direktori Farhod Ibragimov tadbir mehmonlariga tashkilotning oʻtgan uch yil davomida erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi, shu bilan birga BPO-maktablari va BPO-markazlari faoliyati, IT-autsorsing hamda IT-eksportning yanada jadal o‘sishiga alohida e’tibor qaratdi.

Boshqaruvchi direktori Sasha Karimpur va Plug & Play (Germaniya) korporativ hamkorlik bo‘yicha menejeri Feliks Lammers o‘z nutqida O‘zbekistonda o‘z ofisi ochilganini e’lon qilishdi. Qolaversa, kompaniya vakillari dunyodagi eng yirik startap-akseleratori faoliyati, ularga sarmoya kiritish uchun startaplarni tanlash jarayoni va O‘zbekistonda venchur investitsiya bozorini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘zlab berishdi.

mGovAward tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi va IT Park mukofotlarini topshirish marosimi tadbirga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

mGovAward yosh g‘oliblariga AKT Vaziri Sherzod Shermatov va BAA Davlat xizmatlari sektori rahbari Mohammed Bin Taliah mukofotlarni topshirdilar.

Tanlov hakamlar hayʼati qarori bilan quyidagilar gʻolib deb topildi:

1-o‘rin – “Tahrirchi” loyihasi (ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha)

2-o‘rin – “Eco Portal” loyihasi (ekologiya va yashil energiya)

3-o'rin – “Lalu” loyihasi (sogʻliqni saqlash)

 Eng faol hamkorlarga IT Park mukofotlari topshirildi:

1. “The Best IT Employer of the year” nominatsiyasi – EPAM Systems kompaniyasi

2. “Top IT Exporter of the year” nominatsiyasi – WEBSALE-DISTRIBUTION

3. “Outstanding IT Innovator” nominatsiyasi – Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (OSCE)

 4. “The best Contributor in IT Education” nominatsiyasi – PDP IT-ACADEMY

5. “Supporter of the IT Industry” nominatsiyasi – Yuliya Yakovleva, Exadel Uzbekistan direktori.

“IT Park Rewind 2022” ning netvorking qismi doirasida bugungi kunda IT sohasidagi dolzarb mavzular boʻyicha panel muhokamalari oʻtkazildi:

  • “AQSh va Yevropa mamlakatlariga eksport” mavzusida spikerlar AKT Vaziri Sherzod Shermatov va NASSCOM vitse-prezidenti K.S. Visvanatan boʻldilar;
  • O‘zbekiston venchur kapitali Assotsiatsiyalari Raisi Dilshod Zufarov va direktor o‘rinbosari Jahongir Rajabov tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasida venchur investitsiyalar. Dolzarbligi va huquqiy jihatlari”;
  • “Inson kapitaliga qoʻshilgan hissa kompaniya o'sishiga investitsiyadir” mavzusida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park direktori o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov spiker boʻldilar.

Bundan tashqari, “IT Park Rewind 2022” doirasida startap-battl boʻlib oʻtdi, startap asoschilari bir-biriga qarshi ikkita boʻlib raqobatlashdilar, loyihalarni pitching orqali tomoshabinlarga taqdim etdilar.

Har bir startapga bir daqiqa vaqt ajratildi. Pitchingdan so‘ng boshlovchi startaperlarga hazil tariqasida 3 ta savol berdi.

Har bir raqobatchi juftlik taqdimotdan soʻng taklif etilgan mutaxassislardan izohlar oldi. Barcha taqdimotlar natijalariga koʻra tomoshabinlar eng yaxshi pitchinglarni qayd etishdi. Battl faqat doʻstona tarzda boʻlib oʻtdi, shuning uchun gʻoliblar aniqlanmadi. Barcha ishtirokchilar sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Tadbir CS:GO va futbol turnirlarining final bosqichi, hamda, shaxmat va stol tennisi musobaqalari bilan yakunlandi.

 

2022-07-25