IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Seulga amaliy tashrifi davomida “Local2Global.Korea” dasturida ishtirok etayotgan rezidentlar Koreyaning yetakchi IT-kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar va mamlakat IT-sektorini o‘rgandilar.
Tashrif doirasida “KOIIA”, “Proxy Planet”, “Team Ppamer”, “Miso”, “BizData” va “Injeinc” kabi kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
“Local2Global” — bu mahalliy IT-kompaniyalarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etilgan qo‘llab-quvvatlash dasturidir. “Local to Global” dasturi doirasida maqsadli mamlakatlar bozorlari bo‘yicha yo‘nalishlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan biri “Local2Global.Korea” hisoblanadi. Bu dastur IT Park rezidentlariga Koreya IT-kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashadi. Hozirgi kunda “Local2Global.Korea” dasturida 6 ta rezident ishtirok etmoqda: “A-One Project”, “Global MG”, “DK Leading”, “Vention”, “Evegoplayon” va “Game Tunes”.
Tashrif dasturida “NAVER” bosh qarorgohi bo‘ylab ekskursiya va “Naver” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha katta direktori Jo Hankyu bilan uchrashuv ham o‘rin olgan edi.
“Naver” — Janubiy Koreyadagi eng yirik internet-portal va eng ommabop qidiruv tizimidir. 2024-yilda saytga o‘rtacha oylik tashriflar 1,5 milliard martadan oshdi.
Bundan tashqari, IT Park rezidenti “A-One Project” “Kookmin Bank” va “KOIIA” kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. “Kookmin Bank” bilan o‘tkazilgan uchrashuv doirasida “A-One Project” vakillari sog‘liqni saqlash, ta’lim va qurilish sohalarida o‘z ishlanmalarini taqdim etdilar hamda kelajakdagi potensial hamkorlikni muhokama qildilar.
“KOIIA” bilan uchrashuvda “A-One Project” Koreyada sanoatni raqamlashtirishga ko‘maklashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, qo‘shma loyihani muhokama qilish uchun Cha universiteti professori Kyongil Min bilan onlayn uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
“Global MG” rezidenti “Otashi” kompaniyasi bilan mahsulot distribyutorlari uchun avtomatlashtirish tizimini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralarni boshladi.
“DK Leading”, “Evegoplayon” va “Game Tunes” rezidentlari 15-17-noyabr kunlari Seulga safar qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U yerda ular “Global Game Exhibition G-Star 2024” xalqaro tadbirida ishtirok etishadi. Bu kompaniyalar uchun koreyalik o‘yin ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashish, fikr almashish va o‘yin bozorini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatdir.
“Local to Global.Kore” dasturi IT Park rezidentlari uchun Koreya IT-bozorining asosiy ishtirokchilari bilan hamkorlik qilishning noyob imkoniyatlarini ochib beradi. Ushbu yangi aloqalar o‘zbek kompaniyalariga nafaqat xalqaro maydonda o‘z mavqeyini mustahkamlashga, balki o‘z faoliyatini kengaytirishga va O‘zbekistonda iqtidorli mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.
2024-11-04