Joriy yilning 14-16 iyun kunlari IT-Park Janubiy Koreya Respublikasining Kyonju shahrida boʻlib oʻtgan “Science Park Inno Fair 2023” Osiyo texnopark sammitidagi “Leaders Round Table” va “Science Forum”da ishtirok etdi.
Ushbu tashrif natijasida delegatsiya vakillari IT-Parkni yangi IT-xab sifatida xalqaro hamjamiyatga tanishtirdi va Koreya, Yaponiya, Tayvan, Indoneziya, Mo‘g‘uliston va Malayziyaning yirik texnoparklari, uyushmalari va kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatdi.
Sammit doirasida IT-Park delegatsiyasi “Asian Science Park Association”, “Geongbuk Technopark”, “Hsinchu Science Park”, “Daegu Technopark”, “Telkom University” hamda “Bandung Techno Park”, “SciencePark of Mongolia” va “Kyoto Research Park” kabi nufuzli tashkilotlar, korporatsiyalar va texnoparklar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
IT Park va “Asian Science Park Association” (ASPA) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonga ishbilarmonlik tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.
Natijada, joriy yilning kuzida Koreyaning 20 dan ortiq IT va BPO kompaniyasi mahalliy IT-kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi. Xususan, koreyalik biznes vakillari o‘zbek kompaniyalariga vazifalar yuklashni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, IT-Parkning Koreyadagi hamkori “Gyeongbuk Technopark” Koreyaning BPO kompaniyalarining “ICT Week Uzbekistan - 2023”ga tashrifini birgalikda tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Ushbu tashrifdan maqsad Oʻzbekistonning dinamik IT bozori bilan tanishish va ikki davlat oʻrtasida muhim sheriklik munosabatlarini oʻrnatishdan iborat.
Bundan tashqari, sammit doirasida Tayvanning “Hsinchu Science Park” texnoparki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar “Hsinchu Science Park” kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga olib chiqish va O‘zbekistondan Tayvanga IT eksportini ko‘paytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ikkala tomon ham hamkorlik mexanizmini ishlab chiqqandan so‘ng rasmiy shartnomalarni imzolashga tayyorligini bildirdi.
Sammit doirasida IT Park uch davlat: Indoneziya, Koreya va Mo‘g‘uliston texnoparklari bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
I. IT Park va “Bandung Techno Park” (Indoneziya) oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. “Bandung texnoparki” O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qilishga hamda IT va BPO sohasidagi yirik assotsiatsiyalar va kompaniyalar bilan ishbilarmonlik uchrashuvlarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
II. IT Park va Hsinchu Science Park (Koreya) o‘rtasida IT-ta’lim va startap ekotizimlarini rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ekspertlar almashinuvi, qoʻshma loyihalar va oʻquv dasturlarini tashkil etish imkonini beradi.
III. Science Park of Mongolia bilan startap ekotizimlarini rivojlantirish, IT-ta’lim va texnoparklar ishi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandum imzolandi.
2023-06-23