IT Park tomonidan seminar: Afrika IT-bozori va uning rezidentlar uchun imkoniyatlari

6-noyabr kuni IT Park Uzbekistan rezidentlar uchun “Local to Global” dasturi doirasida “Afrika IT-bozorining imkoniyatlarini o‘rganish” mavzusida seminar tashkil etdi. Dastur mahalliy IT-kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston kompaniyalarining global maydondagi raqobatbardoshligini oshirish orqali IT-xizmatlar eksportini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Tadbir “Qulix”, “Unicon-Soft”, “Al-Raqam”, “Uzbek Virtual Information Portal”, “Webase”, “Fido Business”, “Scoring Trust”, “Ky&Partners”, “Daromad Dasturi”, “First It Group” va “Technocorp” kabi o‘nta rezident kompaniya vakillarini birlashtirdi.

Seminar ishtirokchilarning Afrika IT-bozorida ishlash xususiyatlari haqidagi bilimlarini kengaytirishga qaratilgan edi. Ishtirokchilar amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdi, jumladan “Jabu” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dala sharoitidagi onbording usullarini o‘rganishdi hamda miqdoriy ma’lumotlarga nisbatan UX-testlash va sifatli tadqiqotlarning ahamiyatini anglab yetishdi. Tajriba almashishga alohida e’tibor berildi: “Unicon-Soft” kompaniyasi Afrika bozoridagi muvaffaqiyatli loyihalari bilan o‘rtoqlashib, rezidentlarga qimmatli ma’lumotlar va tavsiyalar taqdim etdi.

Tadbirning ma’ruzachisi “Product Masters” asoschisi va bosh direktori Yerke Sapar bo‘lib, u Janubiy Afrika bozorida hamkorlar va mijozlar bilan samarali munosabatlar o‘rnatishning asosiy jihatlarini ta’kidlab o‘tdi..

Ushbu seminar IT Park rezidentlarini moliyaviy ko‘mak, ta’lim resurslari va maslahat yordami orqali qo‘llab-quvvatlaydigan, ularning rivojlanishi va yangi bozorlarni o‘zlashtirishiga ko‘maklashadigan “Local to Global” dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirishning yorqin namunasi bo‘ldi.

“Local2Global” — mahalliy kompaniyalar biznesini transformatsiya qilish platformasi. U tufayli O‘zbekiston kompaniyalari nafaqat texnik va uslubiy ko‘mak oladi, balki xalqaro bozorlarga muvaffaqiyatli kirib borish uchun zarur bo‘lgan strategik fikrlashni ham o‘zlashtiradi. Bundan tashqari, dastur eksport bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha qoplab berish imkoniyatini taklif etadi. Bu xalqaro biznes hamjamiyatining e’tiborini jalb etdi va IT Park rezidentlari uchun yangi imkoniyatlar yaratib, O‘zbekistonni texnologiya va innovatsiyalar sohasida jahon xaritasidagi jozibador nuqtaga aylantirdi.

2024-11-07