IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Londonda oʻtkazilgan eng yirik xalqaro koʻrgazma “Call & Contact Centre Expo 2024”da qatnashib, Oʻzbekistonda biznes yuritish va autsorsing loyihalarini rivojlantirish boʻyicha keng imkoniyatlarni taqdim etdi. Ekspozitsiya doirasida axborot texnologiyalari sohasidagi kompaniyalar uchun hamkorlik istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekiston bozoriga kirish va mamlakatda innovatsion yechimlarni amalga oshirishdan manfaatdor boʻlgan xorijiy investorlar uchun imkoniyatlar namoyish etildi.
“Call & Contact Centre Expo 2024” — bu mijozlar bilan oʻzaro aloqa sohasidagi mutaxassislar uchun Buyuk Britaniyadagi eng yirik tadbir boʻlib, unda 100 dan ortiq ishtirokchining stendlari taqdim etildi va 3500 nafarga yaqin kishi tashrif buyurdi. Koʻrgazma doirasida 80 dan ortiq seminar oʻtkazilib, unda ishtirokchilar soha ekspertlari bilan tajriba almashdilar hamda mijozlarga xizmat koʻrsatish va aloqa markazlari sohasidagi vazifalar uchun ilgʻor yechimlarni muhokama qildilar.
Tadbir doirasida IT Park delegatsiyasi mehmonlar uchun taqdimot oʻtkazib, Oʻzbekistonda biznes yuritish tafsilotlarini batafsil yoritdi. Qoʻllab-quvvatlash dasturlari va qulay ishbilarmonlik muhiti bilan bir qatorda, mamlakatning koʻp tilli inson kapitali alohida qiziqish uygʻotdi. Manfaatdor kompaniyalar vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonning Yevropa va Osiyoni bogʻlaydigan qulay vaqt mintaqasi strategik jihatdan muhim omil ekanligini taʼkidladilar.
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan oʻz stendi bilan koʻrgazmada ishtirok etib, 90 dan ortiq kompaniya, jumladan “8x8”, “Diabolocom”, “eGain Corporation”, “Eleven Labs, Inc.“, “Emerging Global Services”, “Five9”, “FM Outsource”, “Halo Service Solutions”, “Intercom”, “KMS Lighthouse”, “Nextiva”, “PEAK Outsourcing”, “Pontica Solutions”, “QSolve”, “Redial BPO” va boshqalar bilan tanishtiruv uchrashuvlari oʻtkazdi.
Oʻzbekistonda ITes biznesini yuritish uchun qulay sharoitlarga alohida eʼtibor qaratildi va mamlakat jadal rivojlanayotgan IT-hab sifatida taqdim etildi. IT Park va xalqaro kompaniyalar vakillari Oʻzbekistonda tadbirkorlar, investorlar va texnologik loyihalarni qoʻllab-quvvatlovchi dastur va tashabbuslarni muhokama qildilar. Muzokaralar doirasida tomonlar mamlakatda yuqori texnologiyali sohalarni rivojlantirishda muhim qadam boʻladigan ish oʻrinlari yaratish va isteʼdodlarni jalb qilish boʻyicha hamkorlikda harakat qilishga kelishib oldilar.
8x8
IT Park delegatsiyasi yillik aylanmasi 700 million dollardan ortiq boʻlgan bulutli kommunikatsiyalar va IT-xizmatlar sohasida jahon yetakchisi — Amerikaning “8x8” kompaniyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Kompaniya butun dunyo boʻylab, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Singapur va boshqa mamlakatlarda 2,5 mingdan ortiq xodimni oʻz ichiga oladi.
Muzokaralar chogʻida tomonlar bulutli yechimlarni joriy etish, IT-konsalting xizmatlarini koʻrsatish va Oʻzbekistondan turib yangi bozorlarga qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish kabi yoʻnalishlardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Kelgusi yilda kompaniya vakillari mamlakatdagi biznes muhitini oʻrganish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbuslar IT-xizmatlar eksporti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va Oʻzbekistonning global texnologiyalar bozoridagi mavqeyini mustahkamlashga yordam beradi.
Diabolocom
Fransiyaning aloqa markazlari uchun dasturiy taʼminotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan “Diabolocom” kompaniyasi IT Park bilan uchrashuv oʻtkazib, unda rezidentlikning afzalliklari va Oʻzbekistonda taklif etilayotgan soliq imtiyozlari muhokama qilindi. Ushbu chora-tadbirlar operatsion xarajatlarni kamaytirish va biznesni kengaytirishga eʼtibor qaratish uchun jozibador sharoit yaratadi.
Bosh qarorgohi Parijda joylashgan, 100 dan ortiq xodim va butun dunyo boʻylab mijozlarga ega boʻlgan kompaniya oʻz faoliyatini kengaytirishga faol intilmoqda.
Qoʻshma loyihalarni yaratish va eksport salohiyatini rivojlantirish uchun mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyati muhokamalarning asosiy masalalaridan biri boʻldi.
Oʻzbekiston resurslari va infratuzilmasidan foydalangan holda “Diabolocom” tomonidan ishlab chiqilgan IT-xizmatlar va texnologiyalarni eksport qilish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Texnik qoʻllab-quvvatlash va qarorlarni mintaqaviy bozorlarga moslashtirish kabi jarayonlarning bir qismini mahalliylashtirish yangi xalqaro bozorlarga chiqish uchun poydevor boʻlishi mumkin.
eGain Corporation
Koʻp kanalli platformalar orqali mijozlarga xizmat koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash uchun bulutli yechimlarni yaratishga ixtisoslashgan Amerikaning “eGain Corporation” kompaniyasi Oʻzbekistonning kadrlar salohiyatini muhokama qilish maqsadida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Kompaniyaning 500 dan ortiq xodimi boʻlib, bosh qarorgohi AQShda joylashgan. Kompaniyaning yillik aylanmasi 90 million dollardan oshadi.
Muzokaralar davomida mijozlar tajribasini takomillashtirish maqsadida chat-botlar va intellektual tizimlarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash uchun mahalliy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyati batafsil muhokama qilindi. Oʻzbekistonlik isteʼdodlarga boʻlgan alohida qiziqish aholining yuqori darajadagi koʻp tilliligi bilan bogʻliq boʻlib, bu global loyihalarni amalga oshirish va xalqaro mijozlarga xizmat koʻrsatishda katta istiqbollarni ochadi.
Eleven Labs, Inc.
Uchrashuv doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi sunʼiy intellektga asoslangan innovatsion texnologiyalar va ishlanmalar sohasida yetakchi boʻlgan Angliyaning “Eleven Labs” tadqiqot kompaniyasi bilan hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildi.
Malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi: mashinali oʻqitish va sunʼiy intellekt sohasida oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun taʼlim dasturlari va treninglar tashkil etish gʻoyasi koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, muzokaralar davomida Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali xizmatlar va mahsulotlarni eksport qilishga yoʻnaltirilgan qoʻshma laboratoriyalar va AI-texnologiyalarni ishlab chiqish markazlarini tashkil etish imkoniyati muhokama qilindi.
Emerging Global Services
Amerikaning autsorsing va offshor yechimlar sohasida konsalting xizmatlariga ixtisoslashgan “Emerging Global Services” kompaniyasi IT Park Uzbekistan delegatsiyasi bilan Oʻzbekistonda qoʻshma autsorsing markazlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Oʻzbekiston kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishi, ularning raqobatbardoshligini oshirish va global hamkorlikka erishish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bundan tashqari, tashabbus autsorsing sohasidagi asosiy kompetensiyalarni rivojlantirishga hissa qoʻshish orqali malakali mutaxassislar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.
Five9
IT Park Uzbekistan delegatsiyasi bulutli aloqa markazlari uchun yetakchi yechimlarni yetkazib beruvchi Amerikaning “Five9” kompaniyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Kompaniyada 2,5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi, ofislari esa Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda joylashgan.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekistonning mahalliy mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dasturiy yechimlarni xalqaro bozorlarga eksport qilish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Mijozlarning maʼlumotlarini qayta ishlash jarayonlariga sunʼiy intellektni joriy etish va oʻzbekistonlik ishlab chiquvchilar ishtirokida innovatsion texnologiyalarni yaratish nafaqat mahalliy kadrlarning raqobatbardoshligini oshirish, balki global mijozlar uchun talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni yaratish, Oʻzbekistonning yuqori texnologiyali xizmatlar sohasidagi mavqeyini mustahkamlash imkonini beradi.
FM Outsource
Biznes-konsalting xizmatlarini taqdim etuvchi ingliz “FM Outsource” kompaniyasi IT Park Uzbekistan bilan muzokaralar davomida Oʻzbekistonda biznes-jarayonlarni yaratish va autsorsing xizmatlarini kengaytirish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi.
Xususan, tomonlar eksportga yoʻnaltirilgan IT-kompaniyalarga 12 oy muddatga bepul ofis xonalari va asbob-uskunalar, shuningdek, xodimlar xarajatlarini qisman qoplash imkonini beruvchi “Zero Risk” dasturining afzalliklarini koʻrib chiqdilar.
Muzokaralar doirasida yangi ish oʻrinlarini yaratish istiqbollari, Oʻzbekistonda infratuzilmaning rivojlanish darajasi, shuningdek, xorijiy bozorlarda mijozlarga xizmat koʻrsatishda moslashuvchanlikni taʼminlaydigan mamlakatning strategik qulay vaqt mintaqasi muhokama qilindi.
Intercom
“Call & Contact Centre Expo 2024” koʻrgazmasida ishtirok etish doirasida IT Park Uzbekistan dasturiy taʼminotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan Amerikaning “Intercom” kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. Kompaniya Avstraliya, Irlandiya va Buyuk Britaniyadagi ofislaridan butun dunyo boʻylab hamkorlarga xizmat koʻrsatadi. Kompaniyaning oʻtgan yilgi daromadi 200 million dollardan oshdi.
Tomonlar Oʻzbekistonda kompaniyaning global bozorlardagi mijozlariga texnik yordam koʻrsatish va xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadigan bek-ofisni ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Oʻzbekiston rivojlangan infratuzilma, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va dasturlar tufayli jozibador yoʻnalish sifatida taqdim etildi. Bu esa xalqaro kompaniyalar uchun qulay sharoitlarni taʼminlagan holda mamlakatda minimal xavf-xatarlar bilan faoliyat yuritish imkonini beradi.
Nextiva, Inc.
Meksika, Ukraina va Hindistondagi ofislari bilan bulutli kommunikatsiyalar va aloqa markazlarini boshqarish uchun yetakchi yechimlarni ishlab chiquvchi Amerika kompaniyasi “Nextiva”, IT Park Uzbekistan bilan muzokaralar davomida Oʻzbekistonni ofis ochish uchun keyingi joy sifatida koʻrib chiqish imkoniyatini muhokama qildi. Kompaniyaning xodimlari soni butun dunyo boʻylab 1,5 mingdan ortiq mutaxassisni tashkil etadi, oʻtgan yildagi daromadi esa 687 million dollarni tashkil etdi.
“Nextiva” kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonning imkoniyatlarini batafsil oʻrganishga qiziqish bildirdilar va mamlakatdagi biznes muhiti hamda operatsion jarayonlar bilan tanishish uchun tashrif buyurishni rejalashtirmoqdalar. Bunga javoban IT Park Uzbekistan kompaniyalarga Oʻzbekiston bozoriga kirishning osonligi va shaffofligini taʼminlagan holda barcha byurokratik jarayonlarni oʻz zimmasiga oluvchi “Softlanding” dasturi haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, mamlakatning afzalliklari, jumladan, eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, rivojlangan infratuzilma va biznes yuritish uchun qulay sharoitlar taʼkidlab oʻtildi.
Pontica Solutions
Bolgariya va Polshadagi ofislari bilan autsorsing va konsalting xizmatlariga ixtisoslashgan “Pontica Solutions” kompaniyasi bilan uchrashuv doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi autsorsing loyihalarini rivojlantirish uchun Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati va raqobat afzalliklarini taqdim etdi. Bugungi kunda korxonada 500 nafardan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan.
Mamlakatda qoʻllab-quvvatlash markazlarini ochish, jumladan, yangi ish oʻrinlarini yaratish, infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq mahalliy mutaxassislarni jalb qilish va oʻqitish istiqbollarini muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, yangi bozorga kirishda xavf-xatarlarni kamaytirishga va operatsion faoliyatga eʼtibor qaratishga imkon beruvchi “Zero Risk” va “Softlanding” kabi IT Park Uzbekistan dasturlari taqdim etildi. Xalqaro mijozlarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha uzoq muddatli hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Londonda boʻlib oʻtgan “Call & Contact Centre Expo 2024” koʻrgazmasida ishtiroki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va Oʻzbekistonda texnologik hamda biznes loyihalarini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam boʻldi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan olib borilayotgan muzokaralar yaqin kelajakda yangi ish oʻrinlarini yaratadi va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishga xizmat qiladi.
2024-12-02