IT Park Uzbekistan delegatsiyasi London kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

“Call & Contact Centre Expo 2024” ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun Londonga tashrifi doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida Buyuk Britaniyaning yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Onyx International

“Onyx International” kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi hamkori Ayo Popula bilan olib borilgan muzokaralar davomida tomonlar keyinchalik xorijga eksport qilish uchun innovatsion biznes modellarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

“Onyx International” vakillari O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishga qiziqish bildirdilar. Bu kompaniya uchun global ishtirokini kengaytirishda muhim qadam bo‘ladi. Ofis ilg‘or texnologiyalarni o‘tkazish, investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashadi. Bu nafaqat mamlakatning texnologik infratuzilmasini kuchaytiradi, balki mahalliy kadrlarga noyob ko‘nikma va tajriba orttirish imkonini ham beradi.

“Onyx” — bu global investorlarga blokcheyn orqali aksiyadorlik kapitali va aksiyalariga kirish imkonini beruvchi ekotizimni yaratishga intilayotgan Amerika kompaniyasidir. U Lotin Amerikasi, Yevropa, Afrika va Shimoliy Amerika kabi turli mintaqalardagi global kompaniyalar bilan hamkorlik qilish davomida texnologiyalar sohasida 30 yildan ortiq tajribaga ega.

Yumee App Software

Shuningdek, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “Yumee App Software” kompaniyasining hammuassisi va operatsion direktori Asilo Akbarova bilan uchrashuv o‘tkazdi. IT Park Uzbekistan vakillari “Zero Risk” dasturi va investitsion xatarlarni minimallashtirish hamda O‘zbekistonda IT va autsorsing xizmatlari sohasida eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarning o‘sishiga ko‘maklashish bilan bog‘liq afzalliklari haqida ma’lumot berdilar.

“Yumee App Software” kompaniyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muvaffaqiyatli muzokaralar natijasida kompaniyaning O‘zbekistonda yangi ofisini ochish va mamlakatimizdan dasturchilarni ishga olish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekistonda “Yumee App Software” ofisining ochilishi axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishi va mahalliy mutaxassislar uchun yangi kasbiy imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

“Yumee App Software” — restoranlar va yetkazib berish xizmatlari uchun qulay EPOS tizimi va onlayn buyurtma funksiyasini birlashtirgan zamonaviy yechim bo‘lib, boshqaruvni soddalashtirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun xizmat qiladi. Kompaniyaning ofislari Turkiya va Londonda joylashgan.

Enqura

“Enqura” kompaniyasining xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Geri Bernshteyn bilan muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda hamkorlik va investitsiyalar imkoniyatlarini muhokama qildilar. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari xalqaro biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun IT Park Uzbekistan imkoniyatlari va dasturlari haqida so‘zlab berishdi, shuningdek, IT Park Uzbekistan rezidentligining afzalliklari haqida ma’lumot berdilar.

Geri korporativ o‘sish va xalqaro kengayishni ta’minlash bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Uning tajribasi turli sohalarda, xususan, texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar sohasida strategik sheriklik, biznesni rivojlantirish va operatsiyalarni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarni boshqarishni o‘z ichiga oladi.

Muzokaralar natijasida Geri mamlakatimiz orqali yangi bozorlarga chiqish uchun IT Park Uzbekistan ekotizimiga qo‘shilish imkoniyati bilan O‘zbekistondagi “Enqura” filiallari faoliyatini kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi. “Enqura” jamoasi kelgusi yilning bahorida mahalliy infratuzilma va biznes muhitini o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda.

“Enqura” — IT-xizmatlar va yechimlarni, xususan, raqamli transformatsiya, bulutli xizmatlar va korporativ dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan kompaniya. Kompaniyada 100 nafar xodim faoliyat yuritadi, bosh qarorgohi Turkiyada joylashgan.

KOMPaaS.tech GmbH

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “KOMPaaS.tech” bosh direktori Aleksandr Melnikov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida O‘zbekiston tomoni vakillari kompaniyaning O‘zbekistondagi rivojlanish rejalarini muhokama qildilar. “KOMPaaS.tech” allaqachon mamlakatda yuridik shaxs tashkil etgan va yaqin orada IT-Visa olish uchun ariza topshirmoqchi.

Kompaniya infratuzilmasi Frankfurtdagi ma’lumotlar markazlarida joylashgan va u Yevropaning eng yirik aloqa operatorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi. “KOMPaaS.tech” Avstriya hududida telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun to‘liq ruxsat olgan bo‘lib, barcha tegishli me’yorlarga rioya qilishni ta’minlaydi.

“KOMPaaS.tech” har qanday hajmdagi biznes ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqilgan bir qator yechimlarni taklif qilib, ishonchli va iqtisodiy jihatdan samarali telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniya VoIP-telefoniya, qo‘shimcha imkoniyatlarga ega virtual telefon tizimlari va uzluksiz aloqani ta’minlash uchun zarur uskunalarga ixtisoslashgan.

RingCentral

Konferensiya davomida “RingCentral” bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kompaniyaning Markaziy Osiyoda kengayishiga bo‘lgan qiziqishi muhokama qilindi. Daromadi 1 milliard dollar bo‘lgan Kaliforniya kompaniyasi mintaqada yangi filiallar ochishga katta ishtiyoq bildirdi.

Xususan, kompaniya vakillari “RingCentral” butun dunyo bo‘ylab mijozlarga xizmat ko‘rsatishi sababli, mahalliy mutaxassislarning ko‘p tilliligidan foydalanishga qiziqish bildirdilar.

“RingCentral” bulutli biznes aloqalariga ixtisoslashgan bo‘lib, yagona aloqa tizimlari, aloqa markazlari, videokonferensiyalar va hamkorlikda ishlash vositalari uchun keng qamrovli yechimlarni taklif etadi. Ularning sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalari suhbatlar sifatini oshiradi va kompaniyalarga turli sohalarda samaradorlik hamda mijozlar mamnuniyatini yuksaltirishga imkon beradi.

BlueStrawberry AI va Canterbury AI

IT Park delegatsiyasi, shuningdek, “BlueStrawberry AI” asoschisi va “Canterbury AI” hammuassisi doktor Bing Tian bilan bosh qarorgohlarni O‘zbekistonga ko‘chirish istiqbollarini muhokama qilish, hamda autsorsing asosida O‘zbekistondan xodimlarni jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.

Doktor Bing Tian mamlakatni biznes yuritish uchun strategik muhim platforma sifatida baholab, “BlueStrawberry AI” va “Canterbury AI” bosh qarorgohlari O‘zbekistonga ko‘chirishga qiziqish bildirdi. U O‘zbekiston IT Park taqdim etayotgan yuqori malakali kadrlar va raqobatbardosh afzalliklar tufayli katta salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Kompaniya yaqin kelajakda suhbatlar o‘tkazish va o‘zbek kadrlarini jalb qilishni rejalashtirmoqda, bu esa resurslardan samarali foydalanish va mintaqada innovatsion loyihalarni rivojlantirishga imkon beradi.

“BlueStrawberry AI” — generativ sun’iy intellekt dasturiy ta’minotidan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlarni boshqarish uchun yechimlarni taklif etuvchi kompaniyadir. Ushbu yechim “Instagram”, “Facebook”, “LinkedIn” va “Twitter” kabi platformalarda kontent yaratish, marketing kampaniyalarini rejalashtirish va hisoblarni boshqarish jarayonlarini sezilarli darajada soddalashtiradi.

“Canterbury AI” — tibbiyot texnologiyalari sohasidagi yetakchi innovator bo‘lib, u tibbiyot muassasalarida jarrohlik samaradorligini oshiradigan va bemorlarni davolash natijalarini yaxshilaydigan generativ sun’iy intellektga asoslangan dasturiy ta’minotni ishlab chiqadi. SaaS-yechimlarini yaratishga e’tibor qaratib, “Canterbury AI” ilg‘or texnologiyalar yordamida global sog‘liqni saqlash tizimini tubdan o‘zgartirishga intilmoqda.

O‘tkazilgan uchrashuvlar va potensial sherikliklar innovatsion biznes modellari, raqamli texnologiyalar va ish o‘rinlari yaratish sohasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonda sezilarli texnologik taraqqiyotga hissa qo‘shishi, mamlakatning IT-eksport salohiyatini oshirishi va uning global IT-markaz sifatidagi mavqeyini mustahkamlashi kutilmoqda.

2024-12-03