Joriy yilning 2-3 fevral kunlari Olmaota shahrida Digital Almaty xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Ushbu forum — har yili Qozogʻistonda biznes vakillari, xalqaro ekspertlar, IT-hamjamiyat, davlat idoralari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida oʻtkaziladigan eng yirik texnologik tadbir hisoblanadi.
Digital Almaty 2023 doirasida panel muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi, unda IT Park direktori Farhod Ibragimov ishtirok etdi. Yig‘ilish ishtirokchilari iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashishda IT-Park'larning hal qiluvchi roli va muvaffaqiyatini belgilovchi asosiy omillarni ko‘rib chiqdilar.
Sessiya davomida IT Park rahbari tashkilotning tashkil etilish tarixi haqida so'zlab berdi. Bir necha yillik faoliyat davomida IT Park bugungi kunga qadar yirik mintaqaviy IT-xabga aylandi.
Farhod Ibragimov IT'ni barcha sohalarga tatbiq etish muhimligini ta'kidladi, chunki innovatsion yechimlarni joriy etish ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va odamlar hayotini osonlashtirishga xizmat qilmoqda. U IT Park'ning startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ta’limni, jumladan, hududlarda ham rivojlantirishga qaratilayotgan loyihalari haqida so'zlab berdi.
Shuningdek, u o'z nutqida mintaqaviy hamkorlikning muhimligini ta'kidladi. Shu tariqa u Kremniy vodiysida Markaziy Osiyo davlatlari uchun yagona mintaqaviy ofis tashkil etish maqsadida kuchlarni birlashtirish taklifini ilgari surdi.
“Biz AQSHda boʻlganimizda, ular Markaziy Osiyo davlatlari haqida deyarli hech narsa bilishmas edi. Biz birlashishimiz va tashqi bozorga chiqishimiz kerak. Shunday qilib, butun dunyo mintaqamizda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradigan IT-sohasining rivojlanishi haqida bilib oladi. Biz xorijiy investor va kompaniyalarni nafaqat markaziy shaharlarda, balki viloyatlarda ham o‘z ofislarini ochishga qiziqtirishimiz kerak”.
Bundan tashqari, Digital Almaty 2023 doirasida Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Armaniston Respublikasi va Belarus Respublikasi hukumat rahbarlari ham “IT Park Uzbekistan” faoliyati bilan tanishtirildi.
Stendda IT Park ekotizimi, IT-kompaniyalar uchun mavjud soliq imtiyozlari va preferensiyalar, IT-biznes ochish va startap loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha qator xizmatlar va imkoniyatlar, shuningdek, O‘zbekistonda faol amalga oshirilayotgan ta’lim tashabbuslari taqdim etildi.
Shunisi e'tiborga loyiqki, Green White Solutions IT-kompaniyasi IT Parkning muvaffaqiyatli rezidentlaridan biri sifatida taqdim etilgan bo'lib, uning loyihalari va mahsulotlari YeOI mamlakatlarida faol amalga oshirilmoqda. Kompaniya bevosita Bosh direktor Abduqahhor Toshmuhamedov tomonidan taqdim etildi.
Green White Solutions turli biznes sohalari uchun dasturiy yechimlarni ishlab chiqadi. Bugungi kunda kompaniyaning flagmani SMARTUP ko‘p funksiyali ERP tizimi bo‘lib, u 12 yil davomida turli biznes yo‘nalishlaridagi jarayonlarni avtomatlashtirib kelmoqda.
Kompaniya o'z xizmatlarini 7 ta mamlakatda taqdim etadi. 500 dan ortiq kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Uning 16 000 dan ortiq foydalanuvchilari va 60 dan ortiq mutaxassislari bor. Kompaniyaning Qozog‘istondagi hamkorlari Samsung Qozog‘iston, Azamat, Nurtau Distribution Company, Rauan, Aqua Rossa va boshqalar hisoblanadi.
2023-02-04