IT Park Uzbekistan IT-eksportni oshirish maqsadida “Devexperts” bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda

IT Park Uzbekistan strategik xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali global IT-hab sifatidagi o‘z mavqeyini mustahkamlashni davom ettirmoqda. Mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar ishtirokini kengaytirish maqsadida IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov ishtirokida “Devexperts” kompaniyasi mintaqaviy bosh direktori Denis Norkin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar “Devexperts” kompaniyasining IT Park Uzbekistan a’zosi bo‘lishi va IT-eksportini kengaytirish uchun mamlakatning qulay sharoitlaridan foydalanishga bo‘lgan qiziqishiga qaratildi. Bu qadam “Devexperts” uchun Markaziy Osiyoda o‘z faoliyatini kengaytirishda muhim bosqich hisoblanib, O‘zbekiston IT-ekotizimining jadal rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

“Devexperts” — bosh qarorgohi Irlandiyada joylashgan yirik xalqaro kompaniya bo‘lib, 1100 nafar xodimga ega. Kompaniya moliya sohasi uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqishga ixtisoslashgan bo‘lib, moliyaviy sanoat korxonalariga individual yechimlar va fintech (moliyaviy texnologiyalar) sohasidagi ekspertlik bilimlari orqali rivojlanish, moslashish va texnologik ustunlikka erishishda ko‘maklashadi.

Ushbu hamkorlikning poydevori fevral oyida, ikkala tomon Gruziya savdo missiyasi doirasida Toshkentda ilk bor uchrashganda qo‘yilgan edi. Gruziyadagi keyingi uchrashuv va muzokaralar yanada chuqurroq hamkorlikka yo‘l ochdi, natijada 5-sentyabr kuni “Devexperts kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasman ta’sis etildi. Kompaniya allaqachon IT Park Uzbekistan rezidenti maqomiga ariza topshirgan bo‘lib, bu uning hamkorlikka bo‘lgan kuchli intilishidan dalolat beradi. Bundan tashqari, “Devexperts” O‘zbekistonda taqsimlangan ilmiy-tadqiqot markazini ishga tushirdi, bu esa uning mahalliy ishtirokini yanada mustahkamlaydi.

Uchrashuv davomida Denis Norkin kompaniyaning eksport salohiyati, xodimlarni yollash bo‘yicha ulkan rejalar va masofaviy ishni mahalliylashtirish imkoniyatlari kabi bir qator masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Yaqin kelajakda “Devexperts” kompaniyasi mamlakatdagi o‘sib borayotgan IT-iste’dodlar zaxirasiga e’tibor qaratib, O‘zbekistonda 100 dan 150 nafargacha xodimni ishga olishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ma’lum texnologik steklar va yuqori malaka talablarini qo‘yadi hamda Middle Plus va undan yuqori darajadagi mutaxassislarni izlaydi. Bundan tashqari, “Devexperts” malakali mutaxassislarning barqaror oqimini ta’minlash uchun amaliyotchilarni tayyorlash va o‘qitish dasturini ishga tushirmoqda. “Devexperts” kompaniyasi AQSH va Irlandiyadagi mijozlarga IT-xizmatlarini ko‘rsatishga e’tibor qaratib, eksport faoliyati orqali har yili bir necha million dollar daromad olishdek ulkan maqsadni ko‘zlagan. O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirar ekan, kompaniya mamlakatning strategik afzalliklaridan, jumladan, uning geografik joylashuvi, texnologiya sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va global IT-xizmatlar bozorida ishlashga tayyor bo‘lgan yosh, malakali mutaxassislardan foydalanishga intilmoqda.

Uchrashuv davomida Farhod Ibragimov IT Park xorijiy mutaxassislarga ko‘rsatayotgan har tomonlama yordam, jumladan, turar joy variantlarini taqdim etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va munosib kadrlarni topishda yordam beradigan “Softlanding” dasturini muhokama qildi. Bundan tashqari, janob Ibragimov mamlakatda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan “Enterprise Uzbekistan” tashabbusini alohida qayd etdi.

Ushbu rivojlanayotgan hamkorlik O‘zbekistonning IT sohasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport salohiyatini oshirish strategiyasida muhim bosqich hisoblanadi. IT Park Uzbekistan uchun “Devexperts” kompaniyasi bilan hamkorlik nafaqat mamlakatning texnologik yo‘nalish si sifatidagi taniqliligini oshiradi, balki O‘zbekistonni IT-eksport sohasida mintaqaviy yetakchi sifatida namoyon etib, xalqaro hamkorlikka sodiqligini mustahkamlaydi.

Mazkur hamkorlik tufayli O‘zbekiston “Devexperts” kabi xalqaro kompaniyalarga o‘sish, innovatsiyalar va Markaziy Osiyoning kengayib borayotgan IT-bozorlariga kirish uchun noyob sharoitlarni taklif etib, global IT-bozorda muhim o‘yinchiga aylanish yo‘lini davom ettirmoqda. Ingliz tilini biladigan mahalliy iste’dodlar Devexperts tomonidan yaratilgan yuqori maoshli va talabi yuqori bo‘lgan ish o‘rinlarini egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda o‘z ko‘nikmalarini xalqaro darajaga yetkazadi.

 

2024-09-12