IT Park Uzbekistan IT-xizmatlar va autsorsingni rivojlantirish uchun Netex Group bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda

IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov rahbarligidagi delegatsiya Ruminiyaga xizmat safarini dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, IT-konslating va biznes xizmatlari sohasida xalqaro yetakchi hisoblangan “Netex Group” rahbariyati bilan samarali uchrashuv bilan yakunladi. Muzokaralarda asosiy e’tibor IT-xizmatlar ko‘rsatish va biznes jarayonlarini autsorsing qilish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida O‘zbekistonning salohiyatini namoyish etish va hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga qaratildi.

“Netex Group” biznes bo‘linmasi menejeri Katalin Karlaont bilan uchrashuvda IT Park Uzbekistan vakillari mamlakatning rivojlanayotgan IT-ekotizimining afzalliklarini, jumladan, yuqori malakali kadrlar va qulay ishbilarmonlik muhitini taqdim etdilar. Delegatsiya mamlakatni IT-xizmatlarning yetakchi mintaqaviy markaziga aylantiradigan O‘zbekistonning strategik joylashuvi va qulay investitsiya siyosatiga alohida e’tibor qaratdi.

“Netex Group” O‘zbekiston IT-bozoriga qiziqish bildirib, mamlakatning raqobatbardosh ustunliklari va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini ta’kidladi. Tomonlar global bozor talablarini qondirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va IT-xizmatlar sektori o‘sishini rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonning kadrlar salohiyatidan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

“Netex Group” raqamli yechimlar va texnologik xizmatlarni, jumladan, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, IT-konsalting va biznes jarayonlari autsorsingini taqdim etishga ixtisoslashgan. Kompaniya bulutli texnologiyalar, ma’lumotlar tahlili va kiberxavfsizlik kabi sohalarda tajribaga ega, bu esa uni raqamli muhitning murakkabliklariga moslashishga intilayotgan kompaniyalar uchun ishonchli hamkorga aylantiradi. “Netex Group” dunyoning 26 mamlakatida faoliyat yuritadi.

Mazkur uchrashuv xalqaro kompaniyalarning O‘zbekistonning IT-sektoriga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu qiziqish mamlakatning strategik afzalliklari hamda IT Park Uzbekistan’ning global ishtirokchilarni jalb qilish bo‘yicha faol harakatlari tufayli yuzaga kelmoqda. O‘zbekiston xalqaro texnologiyalar va autsorsing markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlayotgani sayin, bunday hamkorliklar iqtisodiy o‘sish, jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratish, mutaxassislar malakasini oshirish va O‘zbekiston IT-hamjamiyatining xalqaro aloqalarini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

2024-11-15