IT Park Uzbekistan vakillari Qohiraga amaliy tashrif bilan borib, Misrning davlat tuzilmalari, venchur fondlari, texnologik kompaniyalari va autsorsing hamkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Muzokaralar yakunida tomonlar institutsional hamkorlikni rivojlantirish, delegatsiyalarning O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish va mamlakatda bir qator Misr kompaniyalari ofislarini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
O‘zbekiston elchixonasi: IT-hamkorlikni rivojlantirish rejalarini muvofiqlashtirish
IT Park Uzbekistan vakillari O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Tomonlar axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish rejalari va O‘zbekiston bozoriga kirishni maqsad qilgan Misr kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash choralari haqida fikr almashdilar. Ishbilarmonlik uchrashuvlarini tashkil etish va mahalliy biznes orasida IT Park Uzbekistan imkoniyatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.

Elchixona, shuningdek, ikki mamlakatning davlat va xususiy tuzilmalari o‘rtasida aloqalar o‘rnatishda diplomatik va tashkiliy ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. Bu esa kelajakdagi IT-tashabbuslarni kengaytirish uchun poydevor yaratadi.
F6 Ventures: investitsiyalarni muhokama qilish va O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish
“F6 Ventures” venchur fondi bilan uchrashuv davomida tomonlar investitsiya imkoniyatlari, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik salohiyatini muhokama qildilar. Misr vakillari O‘zbekiston bozorini o‘rganishga va IT Park Uzbekistan tadbirlarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

F6 Ventures — 2022-yilda tashkil etilgan Misr venchur fondi. U fintech, elektron tijorat va ta’lim texnologiyalari kabi turli sohalardagi loyihalarga sarmoya kiritish orqali dastlabki bosqichdagi startaplarni qo‘llab-quvvatlaydi. Fond jamoalarga mentorlik va ekspert yordamini ham ko‘rsatadi.
V.Connct: ofis ochish va Markaziy Osiyo bozoriga kirishga qiziqish
“V.Connct” kompaniyasi O‘zbekistonda ofis ochish va mamlakatdan Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun platforma sifatida foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Uchrashuvda soliq imtiyozlari, “Zero Risk” dasturi va mahalliy IT-mutaxassislar bilan ishlashning afzalliklari taqdim etildi. Kompaniya bozorni o‘rganishga qiziqish bildirdi va yaqin kelajakdagi tadbir doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

V.Connct — korporativ aloqalar, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun raqamli yechimlar yaratuvchi texnologik kompaniya. Kompaniya aloqa markazlari, omnikanallar xizmatlari va sun’iy intellekt vositalari uchun platformalar ishlab chiqmoqda. “V.Connct” xalqaro bozorlarga chiqishni rejalashtirmoqda va istiqbolli texnologiya markazlarida ofislar ochishni ko‘rib chiqmoqda.
Main Telecom: ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va IT-mutaxassislarni jalb qilishga qiziqish
“Main Telecom” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqib, IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish shartlari, xizmatlarni mahalliylashtirish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish masalalari bo‘ldi.

Main Telecom — telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi hamda aloqa operatorlari va korporativ mijozlar uchun dasturiy yechimlarni ishlab chiquvchi texnologik kompaniya. Kompaniya tarmoqlarni boshqarish tizimlari va raqamli xizmatlarni, shuningdek, jarayonlarni avtomatlashtirish vositalarini yaratadi. “Main Telecom” xalqaro bozorlarga, ayniqsa IT-infratuzilmasi rivojlanayotgan va dasturchilar jamoalarini shakllantirish imkoniyati mavjud bo‘lgan hududlarga kengayishni rejalashtirmoqda.
Algebra Ventures: investitsiyalar va IT Park Uzbekistan tadbirlarida ishtirok etish masalalari muhokamasi
“Algebra Ventures” bilan O‘zbekistondagi startaplarga sarmoya kiritish, fondning IT Park Uzbekistan tadbirlarida ishtiroki va startaplarni yangi bozorlarga olib chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Algebra Ventures — Misr va MENA mintaqasidagi yirik venchur fondlaridan biri hisoblanadi. Jamg‘arma fintech, elektron tijorat, logistika, ta’lim va B2B-yechimlar sohasidagi startaplarga sarmoya kiritib, jamoalarni dastlabki va o‘sish bosqichlarida qo‘llab-quvvatlaydi. Mablag‘ bilan ta’minlashdan tashqari, fond mentorlik va faoliyatni kengaytirish bo‘yicha yordam ko‘rsatadi. “Algebra Ventures” yangi bozorlarni o‘rganmoqda va O‘zbekistonni investitsiyalar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida baholamoqda.
EgyRobo: bek-ofis ochish va O‘zbekistondan mutaxassislarni jalb qilishga qiziqish
“EgyRobo” kompaniyasi O‘zbekistonda bek-ofis ochish va mahalliy IT-mutaxassislarni jalb etish niyatini ma’lum qildi. Uchrashuvda kompaniyaning raqamli mahsulotlarini mintaqaga moslashtirish va IT Park Uzbekistan rezidentligi masalalari muhokama qilindi.

EgyRobo — 2006 yildan beri faoliyat yuritayotgan Misrning yirik IT-kompaniyalaridan biri. Kompaniya robototexnika, jarayonlarni avtomatlashtirish va xalqaro mijozlar uchun dasturiy yechimlar yaratishga ixtisoslashgan. U Yevropada ish tajribasiga ega va O‘zbekistonni kengayish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rmoqda. “EgyRobo” muhandislik jamoalarini shakllantirish va texnologik loyihalarni ishga tushirish uchun yangi bozorlarni faol izlamoqda.
EdVentures: EdTech startaplarining O‘zbekiston bozoriga kirishi
“EdVentures” fondi o‘zining EdTech-startaplarining IT Park Uzbekistan tadbirlarida ishtiroki va mahalliy bozor salohiyatini baholash orqali O‘zbekistonga kengayish imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi. Tomonlar o‘zbek auditoriyasi uchun qanday loyihalar qiziqarli bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, jamg‘arma startaplarining ko‘rgazmalar, pitchinglar va ta’lim dasturlarida ishtirok etish shakllari haqida fikr almashdilar.
EdVentures — ta’lim texnologiyalari va tadbirkorlik sohasidagi loyihalarga sarmoya kirituvchi Misr venchur fondi. Fond moliyalashtirish, mentorlik, akseleratsiya dasturlari va hamkorlar tarmog‘iga kirish imkoniyatini taklif etish orqali startaplarni dastlabki bosqichlarda qo‘llab-quvvatlaydi. EdVentures o‘z loyihalariga Osiyo va Afrika mamlakatlari kabi xalqaro bozorlarga chiqishda yordam beradi.
ACT International: O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan aloqa markazi habini ochish
“ACT International” kompaniyasi O‘zbekistonda xizmatlar eksportiga yo‘naltirilgan aloqa markazi habini ochish imkoniyatini o‘rganib chiqdi. Uchrashuvda kadrlar, infratuzilma va qo‘llab-quvvatlash dasturlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

ACT International — mijozlarga xizmat ko‘rsatish va aloqa markazlari autsorsingi sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniya. Kompaniya mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, texnik yordam va jarayonlarni avtomatlashtirish xizmatlarini taqdim etadi. “ACT International” o‘z faoliyatini yangi bozorlarga kengaytirmoqda va kuchli kadrlar salohiyati hamda xizmat ko‘rsatish markazlarini ochish uchun qulay sharoitlarga ega mamlakatlarni ko‘rib chiqmoqda.
Plug and Play Egypt: O‘zbekistonda startap akseleratsiyasi va dasturlarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilish
Startap va venchur dasturlari doirasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. “Plug and Play” IT Park Uzbekistan tadbirlarida ishtirok etishga va Markaziy Osiyo bozoriga kirish uchun startaplarni baholashga qiziqish bildirdi.

Plug and Play — butun dunyo bo‘ylab startaplar, korporatsiyalar va investorlar bilan ishlaydigan xalqaro innovatsion platforma. Tashkilot startaplarga investitsiyalarni jalb qilish, hamkorlar topish va yangi bozorlarga chiqishda ko‘maklashadi. “Plug and Play” MENA mintaqasidagi faoliyatini kengaytirmoqda hamda O‘zbekistonni dasturlar va loyihalarni rivojlantirish uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rmoqda.
ITIDA: institutsional hamkorlik va kompaniyalarni bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik imkoniyatlari, tajriba almashish va kompaniyalarning yangi bozorga kirishini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar. IT Park Uzbekistan vakillari rezidentlik, “Zero Risk” va soft-landing dasturlari, shuningdek, mamlakat xalqaro IT-kompaniyalar uchun yaratayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdilar. ITIDA hamkorlikda ishlashga qiziqish bildirdi va IT Park Uzbekistan’ni mahalliy kompaniyalar bilan tanishtirish bo‘yicha ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusi hamkorlik uchun amaliy qadamlarni muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar.
ITIDA — IT sohasini rivojlantirish va texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘lgan Misr davlat tashkiloti. Agentlik korxonalarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarida, kadrlar topishda va bozorga kirishda yordam beradi, shuningdek, IT-xizmatlar va raqamli texnologiyalar eksportini rivojlantirish dasturlarini amalga oshiradi. ITIDA Misrning mintaqadagi yetakchi IT-markazlaridan biriga aylanishida muhim rol o‘ynamoqda.
GAFI: O‘zbekiston bozoriga kirishda investitsion hamkorlik va kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish
“GAFI” davlat agentligi bilan tomonlar investitsiyalarni tartibga solish, xorijiy kompaniyalarni rag‘batlantirish va Misr biznesining O‘zbekistonga kirishida institutsional qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qildilar. GAFI hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi va Misr kompaniyalari uchun O‘zbekiston bozorining salohiyatini ta’kidladi. Tomonlar ma’lumot almashishni davom ettirish va IT Park Uzbekistan’ning kelgusi tadbirlarida GAFI’ning ishtirokini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

GAFI (General Authority for Investment and Free Zones) — Misrning investitsiyalarni jalb etish va kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul davlat organi. Tashkilot investorlarga ko‘maklashadi, erkin iqtisodiy hududlarni rivojlantiradi va biznes yuritish shartlarini soddalashtiradi, shu tariqa mamlakatning investitsiya siyosatini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
MCIT Egypt: IT sohasida davlat ko‘magi va davlatlararo hamkorlikni muhokama qilish
Misr Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda IT sohasidagi davlat qo‘llab-quvvatlash choralari, davlatlararo hamkorlik istiqbollari va vazirlik vakillarining IT Park Uzbekistan tadbirlaridagi ishtiroki muhokama qilindi.
MCIT Egypt (Ministry of Communications and Information Technology) — Misrda raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat idorasi. Vazirlik raqamli transformatsiya bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshiradi, innovatsion klasterlarni rivojlantiradi, startaplarni qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatda IT-sanoatini rivojlantirish maqsadida xalqaro sheriklar bilan hamkorlik qiladi. MCIT texnologiyalar sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish va raqamli iqtisodiyotning o‘sishi uchun sharoit yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Tashrif yakunlari
Misrga bo‘lgan amaliy tashrif mamlakatlar o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Uchrashuvlar natijalari Misr kompaniyalarini O‘zbekistonga kirib kelishi, investitsiyalarni kengaytirish, startaplarni jalb etish va xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish uchun poydevor yaratdi. IT Park Uzbekistan uchun bu tashrif mamlakat eksport salohiyatini rivojlantirish, malakali mutaxassislarni jalb qilish va xalqaro texnologik ekotizimni shakllantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
2025-12-16