Parijda Fransiya, Monako va boshqa Yevropa mamlakatlaridan 30 dan ortiq kompaniyaning 35 ga yaqin vakili ishtirok etgan “Uzbekistan Tech & Outsourcing” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida tashkil etildi va IT, autsorsing hamda texnologik tadbirkorlik sohalarida xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi konsuli Zahro Narziyeva qutlov so‘zi bilan murojaat qildi. U O‘zbekiston, ayniqsa jadal rivojlanayotgan IT sohasida, investitsiyalar va hamkorlik uchun ochiq ekanini ta’kidladi.
Ayniqsa, “Women in Tech” loyihasi asoschisi Ayyumi Mur Aokining O‘zbekistonga tashrifi haqidagi taassurotlari va mamlakatning raqamli xizmatlar hamda inklyuziv o‘sish sohasidagi yuqori salohiyati haqidagi fikrlari ishtirokchilarning e’tiborini tortdi.
IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova ham so‘zga chiqib, mamlakatning eksport strategiyasi va O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar uchun asosiy afzalliklari — malakali mutaxassislardan tortib soliq imtiyozlarigacha, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rivojlanayotgan infratuzilmagacha bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratdi.
IT Park vakili Fayzulla O‘lmasov O‘zbekistonning ishonchli autsorsing hamkori sifatidagi imkoniyatlarini taqdim etdi. U xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashning mavjud vositalari, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari, malakali xodimlarni tanlashda ko‘maklashish, imtiyozli shartlarda ofis binolarini taqdim etish va loyihalarni ishga tushirishning barcha bosqichlarida hamrohlik qilish haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, infratuzilmaning hozirgi holati va raqamlashtirish darajasi baholandi, bu esa O‘zbekistonni texnologik jarayonlar va xizmat ko‘rsatish markazlarini joylashtirish uchun raqobatbardosh yo‘nalishga aylantirmoqda. Fayzulla O‘lmasov startap ekotizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi: mamlakatda akseleratsiya dasturlari, biznes-inkubatorlar va grantlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari faol ishlamoqda, bu esa innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlik uchun qo‘shimcha istiqbollarni ochmoqda.
WMS tizimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan Monakodagi “OSIRIS.MC” kompaniyasi bosh direktori Olive Sezaranining taqdimoti alohida qiziqish uyg‘otdi. U o‘zbekistonlik dasturchilar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik tajribasini o‘rtoqlashdi: bir yillik faoliyati davomida 6 nafar mutaxassisdan iborat jamoa asosan Fransiya bozoriga xizmat ko‘rsatib, oyiga bir milliondan ortiq buyurtmalar bo‘yicha operatsiyalarni ta’minladi. Bosh direktorning ta’kidlashicha, bu o‘sish IT Park tomonidan ko‘rsatilgan yordam tufayli amalga oshirildi.
Konferensiya netvorking sessiyasi bilan yakunlandi, unda ishtirokchilar kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Parijdagi “Uzbekistan Tech & Outsourcing” O‘zbekiston IT-ekotizimi va yevropalik hamkorlar o‘rtasidagi muhim aloqa nuqtasiga aylandi. IT Park Uzbekistan mamlakat eksport xizmatlarini ilgari surish va barqaror xalqaro ittifoqlarni shakllantirish bo‘yicha faol ishlarini davom ettiradi.
2025-06-19