O‘zbekiston startaplari va xalqaro texnologiya hamjamiyatining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish doirasida IT Park Uzbekistan kompaniyasi Plug and Play innovatsion platformasi bosh ofisi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu uchrashuv o‘tgan yildagi muvaffaqiyatlarni muhokama qilish va 2024-yilga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, uchrashuvda Plug and Play va IT Park Uzbekistan kompaniyalari o‘rtasida startaplar va O‘zbekiston venchur ekotizimini rivojlantirish sohasidagi samarali hamkorlik natijalari sarhisob qilindi.
Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlarning xalqaro bozorlarga chiqish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.
Plug and Play kompaniyasi vakillari xalqaro venchur fondlari va investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun o‘zlarining keng aloqa tarmog‘idan foydalanishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bu hamkorlik o‘zbek startaplari uchun nafaqat moliyalashtirish, balki bilim va tajriba almashish uchun imkoniyat ochib beradi, bu barqaror va innovatsion iqtisodiyotni yaratishda muhim qadamdir.
Kelgusi yilda ko‘plab tadbirlar rejalashtirilgan, xususan, O‘zbekiston oziq-ovqat startaplarini eksport salohiyatini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlash dasturi muhim qadam bo‘ladi. Ushbu tashabbuslar mahalliy tadbirkorlarga sifatli, innovatsion mahsulotlarni taqdim etish orqali xalqaro maydonda yanada samarali raqobatlashish imkonini beradi.
IT Park Uzbekistanning Plug and Play bilan hamkorligi — o‘zbek mahsulot hamjamiyati uchun yangi davrni va O‘zbekistonning global startap ekotizimiga integratsiyalashuvini anglatadi.
Birgalikda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar startaplarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu mamlakatning muvaffaqiyatli texnologik kelajagi garovidir.
Plug and Play haqida
Plug and Play - tezlashtiruvchi, venchur kapitali va korporativ innovatsion konsalting xizmatlarini taqdim etuvchi mashhur xalqaro innovatsion platforma. Platforma startaplarni butun dunyo boʻylab yirik korporativ mijozlar va investorlar bilan bogʻlashi bilan mashhur boʻlib, uni global startap ekotizimidagi asosiy oʻyinchilardan biriga aylantiradi.
2024-04-22