IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov Portugaliyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni ishga tushirish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida “Startup Portugal” hamda “Build Up Labs” vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Startup Portugal
Farhod Ibragimov “Startup Portugal” vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Unda o‘zbek startaplarini rivojlantirish uchun inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, shuningdek, O‘zbekistonda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun muvaffaqiyatli amaliyot va usullarni moslashtirish imkoniyatlari muhokama etildi. Tomonlar o‘zbek startaplarining raqobatbardoshligini oshirish va ularni xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuviga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan tajriba almashish va o‘qitish salohiyatini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va O‘zbekistonda yuqori texnologiyali startaplar sonini ko‘paytirishga qaratilgan ta’lim dasturlari va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
“Startup Portugal” — Portugaliyada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun tashkil etilgan notijorat tashkilot. Uning vazifasi kuchli startap ekotizimini shakllantirish uchun davlat va xususiy sheriklar bilan yaqindan hamkorlik qilib, tadbirkorlarni ruhlantirish va birlashtirish hisoblanadi.
Build Up Labs
“Build Up Labs” bosh direktori Rui Guveia boshchiligidagi vakillar Farhod Ibragimov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda startaplarni qo‘llab-quvvatlash, startaplarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishga tushirish va innovatsion texnologiyalar texnoparklari, startap ekotizimlari hamda venchur investitsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. O‘zbekistonlik tadbirkorlarga xalqaro bozor talablariga moslashish va xorijiy investorlar e’tiborini jalb qilish imkonini beradigan maxsus dasturlarni yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda o‘zbek startaplarini qo‘llab-quvvatlash va mentorlik qilish, shuningdek, Yevropa bozorlariga chiqishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvlar mustahkamlandi.
Rui Guveia “Build Up Labs” o‘zbekistonlik startaplarga Yevropa bozoriga, xususan, Portugaliya bozoriga chiqishda amaliy yordam va murabbiylik ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi, shuningdek, ularning biznes modellarini rivojlantirish uchun mentorlik dasturlarini taklif qildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston startaplari “Build Up Labs” tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu ularga ishbilarmonlik tarmog‘ini kengaytirish, xalqaro investorlar va venchur fondlari bilan aloqalar o‘rnatish, o‘sish va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini oshirish uchun yordam beradi.
“Build Up Labs” — veb va mobil ilovalardan tortib API’largacha bo‘lgan raqamli mahsulotlarni ishlab chiqish va ularni bozorga olib chiqish bilan shug‘ullanadigan startap studiyasidir. Inkubator sifatida “Build Up Labs” startaplar muvaffaqiyatini oshirish uchun tajriba, sinovdan o‘tgan usullar va kuchli aloqalar tarmog‘idan foydalangan holda startap rivojlanishining har bir bosqichida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Portugaliya tashkilotlari bilan hamkorlik o‘zbek startaplariga muvaffaqiyatli o‘sish uchun zarur bo‘lgan xalqaro tajriba va usullardan foydalanish imkonini beradi. Tajriba almashish va xalqaro dasturlarda ishtirok etishni o‘z ichiga olgan qo‘shma tashabbuslar investitsiyalarni jalb qilish, O‘zbekistonning innovatsion salohiyatini oshirish va yuqori texnologiyali biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.
2024-11-14