Ruminiyaga tashrif chog‘ida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi mamlakat IT-sanoati yetakchilari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi va aloqalarni o‘rnatdi. Uchrashuvlarda asosiy e’tibor o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan IT-xizmatlarni ko‘rsatish istiqbollari va IT-kompaniyalar uchun mamlakatning qulay biznes muhiti, jumladan, rivojlangan infratuzilma, davlat qo‘llab-quvvatlash dasturlari hamda malakali mutaxassislarning keng doirasi mavjudligiga qaratildi.
“Evozon” kompaniyasi bilan uchrashuv
Klujning yetakchi dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi — “Evozon” kompaniyasi bilan birinchi uchrashuvda tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. “Evozon” vakillari Yevropa va Shimoliy Amerika bozorlaridagi yutuqlari bilan o‘rtoqlashib, buyurtma asosidagi dasturiy ta’minot va IT-maslahat bo‘yicha muvaffaqiyatli misollarni taqdim etdilar.
Muzokaralar davomida kompaniya mamlakatimiz IT sohasini o‘rganishga qiziqish bildirdi. O‘z navbatida, IT Park biznes aloqalarini mustahkamlash va IT Park rezidentlari bilan hamkorlik imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish uchun “Evozon”ni O‘zbekistonga taklif etdi.
“Evozon” — Yevropa va Shimoliy Amerika bozorlariga yo‘naltirilgan, buyurtma asosida dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va IT-maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi Ruminiyaning yetakchi kompaniyasidir.
“Aareon” kompaniyasi bilan uchrashuv
IT Park delegatsiyasi “Aareon” kompaniyasining Ruminiyadagi ofisi rahbari Alisa Frank bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistondan IT-xizmatlarni taqdim etish va mahalliy rezidentlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar natijasida IT Parkni boshqa xorijiy IT-kompaniyalarni O‘zbekiston bilan hamkorlikka jalb qilishda qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
“Aareon” — ko‘chmas mulkni boshqarish uchun raqamli yechimlarning, jumladan ERP-tizimlari va aqlli yechimlarning Yevropadagi yetakchi provayderi. Kompaniyalar guruhida Yevropadagi 6 ta ofisda 2000 nafardan ortiq xodim mehnat qiladi.
“Cluj IT Cluster” kompaniyasi bilan muhokama
“Cluj IT Cluster” bilan uchrashuvda IT Park delegatsiyasi Ruminiya IT-kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalar va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan klaster faoliyati bilan tanishdi. Klaster vakillari Yevropadagi hamkorlar bilan muvaffaqiyatli loyihalar haqida so‘zlab, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashishdagi o‘z rollarini ta’kidladilar. Muhokama chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Ruminiya IT-sektorlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar va ikki tomonlama hamkorlik, shu jumladan Yevropa bozori uchun mutaxassislarni professional tayyorlash va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zaro anglashuv memorandumini (MoU) imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.
“Cluj IT Cluster” — texnologik yechimlarni birgalikda yaratish va ilgari surish uchun IT-kompaniyalar o‘rtasida hamkorlik va innovatsiyalarni rag‘batlantiradigan Ruminiya IT-klasteri. Klaster tarkibiga IT-kompaniyalar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya institutlari kabi 90 ta ishtirokchi kiradi
“Akindra Talents” kompaniyasi bilan uchrashuv
IT Park delegatsiyasi Belgiyaning “Brainbridge” guruhiga kiruvchi va yirik xalqaro mijozlar uchun autstaffing shartlarida IT-xodimlarni tanlash va boshqarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Akindra Talents” kompaniyasi bilan uchrashdi. “Akindra Talents” O‘zbekiston IT-bozorining imkoniyatlarini va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini o‘rganishga qiziqish bildirdi. 2025-yil boshida kompaniya mahalliy bozor bilan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda va G‘arbiy Yevropa mijozlariga autstaffing xizmatlarini ko‘rsata oladigan xodimlarni yollash uchun ofis ochishni ko‘rib chiqmoqda.
“Akindra Talents” — IT sohasida moslashuvchan kadrlar yechimlarini taqdim etuvchi Ruminiya kompaniyasi bo‘lib, global loyihalar uchun malakali mutaxassislarni yetkazib berishga ixtisoslashgan “Brainbridge” guruhi tarkibiga kiradi.
Ruminiyadagi uchrashuvlar Yevropaning yetakchi IT-kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim bosqich hisoblanadi. O‘tkazilgan uchrashuvlar yangi qo‘shma loyihalarga zamin yaratdi va O‘zbekistonning IT-sektorini rivojlantirish hamda uning global texnologik ekotizimga integratsiyalashuviga hissa qo‘shadigan hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini taqdim etdi. Tashrif 14-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Outsource Conference” tadbiri bilan yakunlanadi va bu anjuman O‘zbekistonning IT-salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish uchun platforma vazifasini o‘taydi.
2024-11-13