IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “Singapur Fintech Festival” tadbirida ishtirok etib, mamlakatning texnologiya sohasini namoyish etdi hamda hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va rivojlantirishni yanada kengaytirish maqsadida asosiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatdi.
“Singapur Fintech Festival” Osiyodagi eng yirik moliya va texnologiya tadbiri hisoblanib, u butun dunyodan sanoat yetakchilari, innovatorlar, investorlar va siyosatchilarni fintech (moliyaviy texnologiyalar) kelajagi, innovatsiyalar va raqamli o‘zgarishlarni muhokama qilish uchun bir joyga to‘playdi.
Festivalning birinchi kunida IT Park vakillari “BEENEXT Venture Capital”, “Offchain Global”, “Singapore Fintech Association”, “QAI Ventures”, “Capritaur Ventures”, “BAJO Digital Ventures”, “Ploutos Strategic”, “Ant Group”, “Maj Invest”, “eRemit” va “PwC” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlar hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish va O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan startap ekotizimiga investitsiyalarni jalb qilishga qaratildi. Bu esa mamlakatning global texnologiyalar va innovatsiyalar uchun istiqbolli yo‘nalish ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
BEENEXT Venture Capital
IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “BEENEXT” — yirik venchur fondi asoschisi Teruxide Sato bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida IT Park vakillari O‘zbekistonning o‘sib borayotgan startap ekotizimi haqida ma’lumot berib, xorijiy investorlar uchun qo‘llab-quvvatlash choralari va imtiyozlarni alohida ta’kidladilar. Janob Sato investitsiya imkoniyatlarini o‘rganish va mahalliy startaplar bozorini baholash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga qiziqish bildirdi. Tomonlar “BEENEXT” investitsiya strategiyasiga mos kelishi mumkin bo‘lgan istiqbolli loyihalarni muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar.
Teruxide Sato asos solgan “BEENEXT” Yaponiya, Janubi-Sharqiy Osiyo va Hindistondagi rivojlanishning dastlabki bosqichlaridagi texnologik kompaniyalarga sarmoya kiritadigan, o‘sish va global ta’sir ko‘rsatish salohiyatiga ega innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi venchur kompaniyasidir.
Offchain Global
“Singapur Fintech Festival” doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “Offchain Global” asoschisi Yeva Shulenina bilan ham uchrashdi. Yeva Monako va Fransiyada startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, blokcheyn va sun’iy intellekt bo‘yicha tanlovlar va tashabbuslarni tashkil etish borasidagi o‘z tajribasi haqida so‘zlab berdi. U mahalliy startaplarning Monako va Fransiyadagi hamkorlari bilan aloqalarini o‘rnatish hamda xalqaro o‘sish va aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish orqali ushbu imkoniyatlarni O‘zbekistonga ham kengaytirish istagini bildirdi.
Yeva Shulenina tomonidan asos solingan “Offchain Global” blokcheyn va sun’iy intellekt sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash va birlashtirish bo‘yicha ixtisoslashgan. “Offchain Global” tanlovlar va hamkorlik dasturlari orqali innovatsiyalar va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlab, rivojlanayotgan va yetuk bozorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.
Singapur Fintech Association
IT Park Uzbekistan delegatsiyasi, shuningdek, fintech va unga yaqin sohalar kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi tashkilot — “Singapore Fintech Association” (SFA) moliya bo‘limi rahbari Endryu Lok bilan uchrashdi. Endryu hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yangi biznes imkoniyatlarini aniqlash uchun muayyan mamlakatlarga haftalik biznes missiyalarini tashkil etish bo‘yicha “SFA” kompaniyasining muvaffaqiyatli tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Tomonlar o‘zbekistonlik tadbirkorlar va startaplarning global fintech ekotizimiga integratsiyalashuviga yordam beradigan shu kabi tashabbuslarni Singapurda amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.
“Singapore Fintech Association” (SFA) moliyaviy texnologiyalar sohasida o‘sish va innovatsiyalarga hissa qo‘shadigan yetakchi tashkilotdir. “SFA” biznes missiyalari va global hamkorlik kabi tashabbuslar orqali kompaniyalarni birlashtiradi hamda mahalliy va xalqaro bozorlarni bog‘lab, moliyaviy texnologiyalar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
eRemit
Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi pul o‘tkazmalari sohasidagi yetakchi “eRemit” kompaniyasi rahbari janob Santosh Nair bilan uchrashdi. Janob Nair O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishdan manfaatdorligini bildirib, mamlakatning IT-sektori o‘sib borayotganini va pul o‘tkazmalari sohasida innovatsiyalar uchun imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Muhokamalarning asosiy mavzusi IT Park tomonidan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari bo‘lib, janob Nair ularni O‘zbekiston bozorida “eRemit” uchun strategik ustunlik deb baholadi.
“eRemit” — rivojlanayotgan bozorlarga chiqishga yo‘naltirilgan pul o‘tkazmalari sohasidagi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Xavfsiz va innovatsion yechimlari bilan tanilgan kompaniya global bozorlarda moliyaviy inklyuzivlikni ta’minlash va tranzaksiyalar samaradorligini oshirishga intilmoqda.
IT Park delegatsiyasi, shuningdek, “QAI Ventures”, “Capritaur Ventures”, “BAJO Digital Ventures”, “Ploutos Strategic”, “Ant Group” va “Maj Invest” kabi boshqa yirik fondlar vakillari bilan ham muzokaralar olib bordi. O‘zbekistonning kengayib borayotgan startap ekotizimi muhokama qilindi va har ikki tomon ham istiqbolli loyihalar bo‘yicha ehtimoliy investitsiyalarni o‘rganishga qiziqish bildirdi. Ishtirokchilar kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini aniqlash va muhokama qilish uchun aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
“Singapur Fintech Festival”dagi mazkur uchrashuvlar xalqaro investorlar va kompaniyalar e’tiborini jalb qilgan holda O‘zbekistonning global fintex va texnologiyalar bozoridagi yangi ishtirokchi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda. Ushbu kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yangi investitsiyalar va sherikchilik uchun imkoniyatlar eshigini ochadi, bu esa mahalliy mutaxassislar uchun ish o‘rinlarini yaratish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va O‘zbekistondagi innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlashga turtki bo‘lishi mumkin. Xalqaro aloqalar va hamkorlik tarmog‘ining rivojlanishi O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyodagi yangi texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar markazi sifatida istiqbolli kelajakdan darak beradi.
2024-11-07