IT Park Uzbekistan startaplari Lissabondagi “Build Up Labs” ofisiga tashrif buyurdi

IT Park Uzbekistan startaplari delegatsiyasi Lissabondagi “Build Up Labs” ofisiga tashrif buyurdi. Tashrifning maqsadi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi bozorlarda, jumladan Portugaliyada, o‘zbek startaplari uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘ldi.

“Build Up Labs” — veb va mobil ilovalardan tortib API’largacha bo‘lgan raqamli mahsulotlarni ishlab chiqish va ularni bozorga olib chiqish bilan shug‘ullanadigan startap studiyasidir. Inkubator sifatida “Build Up Labs” startaplar muvaffaqiyatini oshirish uchun tajriba, sinovdan o‘tgan usullar va kuchli aloqalar tarmog‘idan foydalangan holda startap rivojlanishining har bir bosqichida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Uchrashuv “Build Up Labs” bosh direktori Ruy Goveyning qutlashi bilan boshlandi. U xalqaro hamkorlikning muhimligini ta’kidladi va O‘zbekistonning istiqbolli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

“Build Up Labs” vakili Roman Davlanov Portugaliya bozoriga chiqish uchun startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni taqdim etdi. Ikki mamlakat startaplari uchun yangi imkoniyatlardan foydalanishni osonlashtiradigan va keyingi o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratishga qodir bo‘lgan tashabbuslar muhokama qilindi.

IT Park Uzbekistan vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan startap ekotizimi haqida so‘zlab, sohaning faol rivojlanishi va xalqaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. O‘zbekiston startap ekotizimi hamkorlik uchun qulay sharoitlarni taklif qilishi va xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarga tayyor ekanligi qayd etildi.

Ushbu hamkorlik o‘zbekistonlik startaplar uchun xalqaro bozorlarga chiqish, tajriba va ilg‘or amaliyot almashish, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish kabi yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. “Build Up Labs” va portugaliyalik investorlar bilan hamkorlik O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirishni tezlashtirish, uning raqobatbardoshligini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.

2024-11-12