IT PARK Uzbekistan Turkiya delegatsiyasi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

27-noyabr kuni "Ostim" sanoat zonasi boshqaruvi raisi boshchiligida Turkiya kompaniyalarining O'zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida tajriba almashish hamda O‘zbekiston va Turkiya kompaniyalari o‘rtasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Ostim – ko‘p yillik ish tajribasiga ega sanoat zonalarini yaratish va boshqarish bo‘yicha xalqaro operator. Boshqaruv obyektlaridan biri - o‘n minglab tovarlarni yetkazib beruvchi 5000 dan ortiq ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni o‘z ichiga olgan Turkiyadagi sanoat zonasi.

Turkiya delegatsiyasi vakillari turkiyalik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otgan startaplar, dasturiy ta‘minot ishlab chiquvchilar va IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha va tashabbuslar bilan tanishdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun ishlab chiqilgan qo‘llab-quvvatlash dasturlariga alohida e‘tibor qaratildi. Ushbu tashabbuslar biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda, bu esa Turkiya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilmoqda va ularning xalqaro bozorlarga chiqishiga turtki bo‘lmoqda.

Turkiya delegatsiyasi a‘zosi, Akdan kompaniyasi asoschisi Nilufer Ariak tajriba almashish muhimligini ta‘kidladi va IT Park bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Nilufer bir nechta tillarni biladigan yuqori malakali mutaxassislar soni O‘zbekistonni xalqaro loyihalarni rivojlantirish uchun istiqbolli maydonga aylantirganini ta‘kidladi.

Akdan – Turkiyada mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniya. Asosiy eksport mahsulotlari maslahat xizmatlari, tadqiqotlar va ishlanmalardir. Akdan 1995-yildan beri milliy va xalqaro bozorlarda davlat, nodavlat va xususiy tashkilotlar bilan ishlaydi.

O‘zbekiston va Turkiya kompaniyalari o‘rtasida IT sohasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, IT-xizmatlar va texnologik yechimlar eksportini oshirish, shuningdek, mahalliy mutaxassislar uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning innovatsion ekotizimini rivojlantirishga yordam beradi.

 

2024-11-28