IT Park Uzbekistan va G-EMx Technologies o‘rtasida memorandum imzolandi

25-may kuni IT Park Uzbekistan ofisiga Singapurdan biznes hamjamiyatning yetakchi vakillari hamda biznes va innovatsiyalar sohasidagi ekspertlardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya 25 kishidan iborat boʻlib, uning tarkibiga Singapur biznes federatsiyasi direktori Rey Kvan va G-EMx Technologies bosh direktori Asmadi Bin Ahmad  kiradi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda IT-sanoatni rivojlantirish bilan bogʻliq asosiy masalalarni muhokama qilish, ekotizimlar oʻrtasidagi aloqalarni oʻrnatish, ularning oʻzaro aloqalarini kengaytirishdan iborat.

Delegatsiyani IT Park direktorining innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Jahongir Radjabov, Investitsiyalar va xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Nigora Mirjalilova va Startap ekotizimini rivojlantirish departamenti rahbari Jahongir Kagirovlar kutib oldi.

Mehmonlarga 2019-yilda Oʻzbekistonda birinchi texnoparkning ochilish marosimida prezident tomonidan qoʻyilgan kapsula namoyish etildi.

Nigora Mirjalilova va Jahongir Kagirov IT Park Uzbekistan faoliyati bilan tanishtirib, uning maqsad va yutuqlariga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, ular tashkilotning Oʻzbekistonda IT-sanoatni rivojlantirishga koʻmaklashishdagi rolini tushuntirdilar.

Erishilgan yutuqlar taqdimotidan soʻng IT Park direktori oʻrinbosari Jahongir Radjabov va G-EMx Technologies rahbari Asmadi Bin Ahmad hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Memorandum doirasida tomonlar Oʻzbekiston va Singapurda IT-loyihalarni rivojlantirish va ilgari surish boʻyicha ishlarni yoʻlga qoʻyilishi  rejalashtirilgan. Xususan, taʼlim, startap ekotizimlarini rivojlantirish va BPO sektori boʻyicha axborot va tajriba almashishadi. Tomonlar, shuningdek, raqamli iqtisodiyot sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va yosh IT-tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Singapur Biznes federatsiyasi direktori Rey Kvan Oʻzbekiston va Singapur IT-sanoati oʻrtasidagi hamkorlik milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar vaʼda qilishini taʼkidladi.

2023-05-26