IT Park Uzbekistan mintaqada o‘yin ekotizimini rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlovchi Ozarbayjonning yetakchi kompaniyasi “Gamepons” asoschisi va bosh direktori Vusal Karimli bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi mintaqadagi o‘yin hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun ehtimoliy hamkorlikni muhokama qilish, shuningdek, yangi mintaqaviy o‘yin xakatonining brendi — “Turkic Game Jam” taqdimoti bo‘ldi.
“Gamepons” — Ozarbayjon o‘yin ekotizimidagi yetakchi ishtirokchi bo‘lib, o‘yin ishlab chiqaruvchilar uchun maxsus ta’lim dasturlari, seminarlar, treninglar va mentorlik xizmatlarini taklif etadi. Kompaniya Ozarbayjonning o‘yin sanoatidagi innovatsiyalar va ijod markazi sifatidagi maqomini mustahkamlash orqali yangi o‘yin startaplarini qo‘llab-quvvatlashga va mahalliy o‘yin hamjamiyatini rivojlantirishga intilmoqda.
Uchrashuvda IT Park Uzbekistan’ning “Turkic Game Jam” tashabbusida ishtirok etish shakllari muhokama qilindi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlaridan o‘yin ishlab chiqaruvchilarni birlashtirish va ularning ijodiy hamda kasbiy o‘sishini rag‘batlantirishga qaratilgan. Shuningdek, “Gamepons tashabbuslari doirasida O‘zbekistonda o‘yin ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim tadbirlarini o‘tkazish va xalqaro hamkorlik uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘yin ishlab chiqarish sohasida Markaziy Osiyoda startaplarni birgalikda ilgari surish bo‘yicha qadamlarni muhokama qilib, tajriba almashish va kasbiy o‘sish uchun platformalar yaratish muhimligini ta’kidladilar. Uchrashuv yakunida IT Park’ning loyihada ishtirok etishi, shuningdek, mintaqada o‘yin hamjamiyatlarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish uchun dastlabki qadamlar belgilandi.
Ushbu hamkorlik IT Park Uzbekistan’ning o‘yin sanoatini qo‘llab-quvvatlash va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini ta’kidlaydi. Bunday tashabbuslar iste’dodlarni rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va mintaqaning global o‘yin maydonidagi mavqeyini yuksaltirishga qaratilgan.
2024-11-18