IT Park Uzbekistan va “MAAB Innovation” kompaniyasi Koʻkdala tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Iqtidorlar dasturi” doirasida Koʻkdala tumanidagi 138 nafar yosh yigit-qizlar oʻrtasida malakaviy test sinovlarini muvaffaqiyatli oʻtkazdi. Sinov natijalariga koʻra, 17 nafar talaba 100% grant asosida “Data Analytics & Data Engineering” kursiga qabul qilindi.
Malaka sinovlari 3 bosqichdan iborat edi: mantiqiy fikrlash, ingliz tilini bilish va amaliy tayyorgarlik. Mantiqiy fikrlash boʻyicha saralash testlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar keyingi bosqichda ingliz tilini bilish darajasini aniqlash uchun suhbatdan oʻtishdi. Suhbat jarayonida talabalarning ingliz tili boʻyicha bilim darajasi tekshirildi. Yakuniy bosqichda esa tahliliy qobiliyatlar sinovdan oʻtkazildi. Har bir talabaga alohida mavzu berildi va ular bu mavzuni qay darajada tashkil eta olgani, tahlil qila olgani hamda shu mavzu boʻyicha taqdimotlar tayyorlay olgani baholandi.
Oʻqish 10 oy davom etadi. Uning yakunida muvaffaqiyatli talabalar sertifikatlarga ega boʻladilar, shuningdek, ish topish masalasida IT Park Uzbekistan va “MAAB Innovation” kompaniyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishadi.
Kurs boshlanishi arafasida, IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov va “MAAB Innovation” kompaniyasi rahbari Sherzod Ibragimov kursga muvaffaqiyatli qabul qilingan talabalarni tabrikladilar.
Farhod Ibragimov talabalarga oʻqishda muvaffaqiyatlar tilab, Oʻzbekistonning IT-xab sifatida rivojlanish istiqbollari haqida soʻzlab berdi. U mamlakatimizning eksport salohiyati mustahkamlanib, xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekistonga autsorsing markazi sifatida qiziqishi ortib borishi bilan, vatandoshlarimiz uchun koʻplab yangi yuqori maoshli ish oʻrinlari yaratilayotganini taʼkidladi. Buning natijasida mahalliy mutaxassislar uydan turib masofaviy tarzda jahon bozorida ishlash imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar.
Sherzod Ibragimov talabalarni kursga qabul qilingani bilan tabriklab, kurs haqida batafsil maʼlumot berdi va oʻquv jarayoni boʻyicha barcha savollarga javob berdi. Xususan, u “Data Analysis & Data Engineering” kasbiga nafaqat dunyoda, balki Oʻzbekistonda ham talab yuqori ekanligini taʼkidladi — uni oʻzlashtirgan yoshlarimiz xalqaro miqyosda ishlash imkoniyatiga ega boʻladilar.
Taʼkidlash joizki, eng yosh talaba 8-sinfda oʻqiydi — bu IT sohasida yosh chegaralari yoʻqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar siz ham yangi yoʻnalishni oʻzlashtirmoqchi yoki malakangizni oshirmoqchi boʻlsangiz, yaqin kunlarda IT Park Uzbekistan “MAAB Innovation” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Business Intelligence” kursini ishga tushirmoqda — roʻyxatdan oʻtishga shoshiling: https://t.me/+9momCvrkbI5iZGZi.
2024-08-20