IT Park Uzbekistan va Monsha'at kuchlarini birlashtirmoqda: bu O‘zbekiston kompaniyalari uchun nimani anglatadi?

IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda o‘zbekistonlik kompaniyalar va startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida “Monsha'at” vakillari — biznesni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis Duha N. Alhadjri va tashkilotning xizmatlar va dasturlarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Hamza Al Suayyed bilan muzokaralar olib bordi.

Bu nima uchun muhim?

“Monsha'at” — Saudiya Arabistonining kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy davlat tashkilotidir. U 273 dan ortiq akselerator, inkubator va kovorking maydonlarini qo‘llab-quvvatlab, tadbirkorlarga g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda yordam beradi. Endi O‘zbekiston kompaniyalari bu tajriba va resurslardan GCC bozoriga chiqish uchun foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu O‘zbekiston kompaniyalariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

IT Park Uzbekistan Ar-Riyoddagi yangi vakolatxonasini “Monsha'at” a’zolari safiga qo‘shishni taklif etdi. Bu “Monsha'at” kompaniyasi tomonidan biznes uchun tashkil etiladigan tadbirlarda, jumladan, Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan yirik xalqaro anjumanlarda ishtirok etish imkonini beradi. O‘zbekiston kompaniyalari uchun bu o‘z xizmatlari va mahsulotlarini global maydonda namoyish etish, nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun mintaqadagi investorlar va hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatidir. Ikki o‘zbekistonlik kompaniya 2025-yil fevral oyida Saudiya Arabistonidagi IT Park Uzbekistan vakolatxonasi orqali faoliyatini boshlashga tayyorlanmoqda.

Investitsiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash

“Monsha'at” o‘z dasturlari orqali o‘zbek startaplarini qo‘llab-quvvatlashga ham qiziqish bildirdi. Bu O‘zbekistondan bo‘lgan yosh kompaniyalarga sarmoya kiritish uchun Saudiya Arabistonining venchur fondlarini jalb qilishni o‘z ichiga oladi. Bunday qadam nafaqat startaplarga moliyaviy yordam beradi, balki Yaqin Sharq bozorida ekspert ko‘magi va keng ko‘lamli imkoniyatlardan foydalanish yo‘lini ham ochadi.

Qo‘shma loyihalar va istiqbollar

Muzokaralar natijasida Saudiya delegatsiyasining 2025-yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi rejalashtiriladigan bo‘ldi. Ushbu tadbir o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun o‘z imkoniyatlarini namoyish etish va investorlar hamda hamkorlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.

Bu siz uchun nimani anglatadi?

Agar siz xalqaro bozorga chiqishga intilayotgan startap yoki O‘zbekiston kompaniyasi bo‘lsangiz, “Monsha'at” bilan bu hamkorlik sizga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. IT Park Uzbekistanning Saudiya Arabistonidagi vakolatxonasi 2025-yilda ish boshlaydi va GCC bozorida sizning yo‘l ko‘rsatuvchingizga aylanadi. Ushbu strategik sheriklik biznesni yo‘lga qo‘yish, kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratib, O‘zbekiston kompaniyalariga global biznes muhitida munosib o‘rin egallashga yordam beradi.

Bularning barchasi o‘zbekistonlik texnologik kompaniyalar o‘zlarini jahon maydonida namoyon eta oladigan noyob ekotizimni yaratish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir.

2024-12-18