IT Park Uzbekistan va SteelRose Legal Londonda hamkorlik memorandumini imzoladi

Londonda IT Park Uzbekistan qoshidagi Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (Enterprise Uzbekistan) vakillari bilan Britaniyaning “SteelRose Legal” yuridik firmasi o‘rtasida strategik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandumni “Enterprise Uzbekistan” loyiha ofisi rahbari Akbar G‘ulomov va “SteelRose Legal” boshqaruvchi hamkori Zulayho To‘xtayeva imzoladilar.

“SteelRose Legal” ingliz huquqiga ixtisoslashgan yuridik firma bo‘lib, ingliz huquqi doirasida xalqaro huquqiy maslahat berish, xususan, turli yurisdiksiyalarda raqamli va texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta tajribaga ega.

Imzolangan hujjatda tomonlarning bir nechta asosiy yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatish niyati qayd etilgan, jumladan:

  • Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (Enterprise Uzbekistan) to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ingliz huquqi tamoyillarini qo‘llagan holda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi bo‘yicha “SteelRose Legal” nomidan tavsiyalar va xulosalar tayyorlash;
  • Xalqaro darajadagi ekspertizani jalb etgan holda, shu jumladan “GDPR” qoidalariga rioya qilish va “AML” pul yuvishga qarshi kurashish choralarini hisobga olgan holda, IT Park’ning ichki siyosati va qoidalarini Markazning huquqiy rejimi doirasida ishlab chiqishga ko‘maklashish.

Ikki tomon ham maxfiylikka rioya qilish muhimligini alohida ta’kidlab, Anglashuv memorandumi ikki yil davomida amal qilishi va o‘zaro kelishuv asosida uzaytirilishi mumkinligini ma’qulladilar.

“SteelRose Legal” bilan hamkorlik Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining huquqiy infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi. Xalqaro standartlar va ingliz huquqi elementlarini uyg‘unlashtirgan holda, mazkur tashabbus O‘zbekistonning global texnologiya kompaniyalari uchun jozibador yurisdiksiya sifatidagi mavqeini mustahkamlashga, investorlar, startaplar va IT Park rezidentlari uchun ishonchli huquqiy kafolatlarni ta’minlashga qaratilgan.

2025-05-29