IT Park Uzbekistan va Xitoy delegatsiyasi innovatsiyalar sohasida hamkorlik qilishga kelishdi

Bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Khan Tengri Innovation Hub bilan birgalikda Xitoyning Anxoy provinsiyasi Xefey shahridan kelgan delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Xitoy delegatsiyasiga Grand Union of Innovation tashkilotining vitse-prezidenti Jang Liye boshchilik qildi. Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik o‘rnatish va Markaziy Osiyo bozoriga kirishga qiziqish bildirgan Xitoy kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Grand Union of Innovation (GUi) – 2022-yilda Xefeyda (Anxoy, Xitoy) tashkil etilgan innovatsion ekotizim. Hozirgi kunda u 6 000 dan ortiq texnologik kompaniya va 60 000 mutaxassisni birlashtiradi, 1 725 ta yangi texnologik loyihani boshqaradi hamda butun dunyo bo‘ylab 13 ta innovatsion markazlar tarmog‘iga ega. GUi IT, biotibbiyot, yangi energetika va aqlli ishlab chiqarish yechimlari kabi yuqori texnologiyalar yo‘nalishlarini rivojlantiradi, shuningdek, texnologik kompaniyalarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Muzokaralar davomida IT Park Uzbekistan vakillari parkning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, joriy tashabbuslar, shuningdek, xitoylik sheriklar bilan mavjud hamkorlik loyihalarini taqdim etdilar. O‘zbekiston IT-ekotizimining rivojlanishi, eksport salohiyati, ta’lim dasturlari va biznesni qo‘llab-quvvatlash vositalari haqida ma’lumotlar keltirildi.

Xitoy delegatsiyasi GUi faoliyati, Xefey shahrining imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi, shuningdek, guruh tarkibiga kiruvchi kompaniyalar bilan tanishtirdi. Tomonlar ta’limni raqamlashtirish, data-markazlarni rivojlantirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

GUi vakillari 13 ta xalqaro innovatsion markazlar tarmog‘iga ega ekanliklari va texnologik kompaniyalarga xorijiy bozorlarga chiqishda faol yordam berayotganlarini ta’kidladilar. O‘zbekiston kelgusidagi hamkorlik va qo‘shma texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida baholandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyo bozoriga kirishga qiziqqan Xitoy kompaniyalariga ko‘maklashish niyatini tasdiqlashdi. IT Park Uzbekistan bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, mavjud dasturlar doirasida infratuzilma, maslahat va yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Xitoyning eng yirik innovatsion ekotizimlaridan biri bilan hamkorlik texnologik kompaniyalarni jalb qilish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va IT Park hamkorlarining xalqaro tarmog‘ini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu O‘zbekiston IT-bozorini jadal rivojlantirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatning texnologiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini beradi.

2025-12-12