O‘zbekistonda Yevropa komissiyasi va Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi, Yevropa savdo palatasining O‘zbekiston uchun rasmiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan “European Economic Days in Uzbekistan” tadbiri bo‘lib o‘tdi. IT Park Uzbekistan Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktori Mahliyo Muksinova O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiy kunlari doirasida “O‘zbekiston imkoniyatlarini kengaytirish: ta’lim hamda o‘quv yurtlari va sanoat o‘rtasida salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha davra suhbati” deb nomlangan sessiyada ishtirok etdi.
Ushbu sessiyada Mahliyo IT Parkning mamlakat texnologik sanoati va autsorsingni rivojlantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarini taqdim etdi, bunda yoshlarning muvaffaqiyatli raqobatlashuvi va mamlakatning strategik maqsadlariga erishish uchun til ko‘nikmalari va texnik ko‘nikmalarning muhimligiga e’tibor qaratildi. Muhokamada kasbiy rivojlanish va ta’limga mas’ul vazirlik va tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Mahliyo O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish uchun xalqaro hamkorlikning ahamiiyatini ta’kidladi. “Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik bizga innovatsiyalarni joriy etish va global maydonda raqobatbardoshlikni oshirish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda,” — dedi u.
Mahliyo Muksinova nutqidan so‘ng Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik direksiyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi rahbari Sara Rinaldi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida hamkorlik istiqbollari va O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar uchun ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Mahliyo IT Park Uzbekistan faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, IT Park O‘zbekistonning jahon raqamli maydonidagi o‘rnini mustahkamlash uchun xalqaro hamkorlarga taqdim etayotgan imkoniyatlarni namoyish etdi.
Sara Rinaldi O‘zbekistonning raqamlashtirish sohasidagi salohiyatini yuqori baholab, faollikni monitoring qilish va boshqa texnologiyalar bilan bog‘liq loyihalarga qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar va Sara Rinaldi bo‘lajak loyihalarni kengroq muhokama qilish uchun Yevropa Komissiyasi hamkasblari va hamkorlik rahbariyati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Mazkur uchrashuvlar IT Park Uzbekistan va Yevropa komissiyasi o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratib, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro sheriklikni qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam zamin yaratadi.
2024-11-07