Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida IT Park Uzbekistan vakillari “Advanced Systems Dış Ticaret ve Sanayi Limited Şirketi” (ADSYS) kompaniyasining bosh menejeri Ferruh Denizaşan bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi mintaqada IT-autsorsingni jadal rivojlantirish va hukumat tomonidan eksportga yoʻnaltirilgan IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar boʻldi.
“ADSYS” 2017-yilda tashkil etilgan turk kompaniyasi boʻlib, tizim integratsiyasiga ixtisoslashgan va EPC-sotuvchisi hisoblanadi. Kompaniya aqlli shahar yechimlari, kiberxavfsizlik, “In Building” yechimlari va telekommunikatsiya loyihalari bilan bogʻliq mamlakatdagi yirik va mega-yirik loyihalarga eʼtibor qaratgan holda salmoqli boshqaruv tajribasiga ega. Kompaniya oʻz faoliyati davomida ishonchli hamkor va masofadan boshqarish sohasidagi innovatsion yetakchi sifatida shuhrat qozondi.
Uchrashuv doirasida, janob Denizaşan kompaniyaning Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi va IT Park tomonidan taqdim etayotgan imtiyozlardan foydalanishga qiziqish bildirdi. Oʻzbekistondagi IT-kompaniyalar imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻz navbatida IT Park vakillari huquqiy shart-sharoitlar, iqtisodiy imtiyozlar va logistika koʻmagini taqdim etdilar.
“ADSYS” kompaniyasi Oʻzbekistonning IT-sanoatini batafsil oʻrganib, mamlakatimizda ofis tashkil etish masalasini koʻrib chiqishni rejalashtirmoqda. Ushbu hamkorlik mintaqaning IT-sohasini rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi va yangi ish oʻrinlarini yaratadi, bu esa oʻz navbatida Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti va texnologik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Turkiyaning “Mplus” kompaniyasi respublikada yuridik shaxs ochishdan oldin kadrlarni baholash va ofis maydoni tanlash maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan edi.
2024-05-17