IT Park Uzbekistan vakillari Yaponiyaning “Digital Knowledge” kompaniyasi bosh direktori Noguchi Yasuyuki bilan uchrashuv oʻtkazdi. “Digital Knowledge” IT Park Uzbekistan’ning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi — Oʻzbekistonning Yaponiya bozorida tanilishini oshirish, Yaponiya kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etish maqsadida birgalikda tadbirlar tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, “Digital Knowledge” Oʻzbekistonda IT sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularga yapon tilini oʻrgatadigan “Japan Digital University”ni tashkil etgan. Universitet, shuningdek, bitiruvchilarga Oʻzbekistonda oʻz ofislarini ochayotgan Yaponiya kompaniyalarida ish topishga koʻmaklashadi va shu tariqa ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Tokioda IT Park vakolatxonasining ochilishi boʻldi. Yangi vakolatxona “Digital Knowledge” binosida joylashadi. Bu voqea ikki mamlakat IT sohalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam boʻladi.
Muzokaralar davomida “Digital Knowledge” vakillari ochilish marosimini, shuningdek, Tokioda boʻlib oʻtadigan “Uzbekistan Outsourcing Conference” (UOC)ni oʻtkazishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bundan tashqari, Yaponiya kompaniyalarini Oʻzbekiston IT-biznesi bilan hamkorlikka jalb qilishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslar muhokama qilindi. Bu hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish va qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirish imkonini beradi.
Mart oyida vakolatxona ochilishiga tayyorgarlik koʻrish uchun IT Park delegatsiyasi Yaponiyaga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida Tokio, Osaka va Nagoya shaharlarida Yaponiya IT-kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar, shuningdek, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini izlashga qaratilgan muzokaralar rejalashtirilgan.
Yaponiyada IT Park vakolatxonasining ochilishi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda strategik jihatdan muhim bosqich boʻladi. Yangi vakolatxona Oʻzbekiston IT-kompaniyalari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi, Yaponiya bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlaydi va autsorsing sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
2025-yil 24-aprel kuni Tokioda “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri boʻlib oʻtadi. Ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻtish lozim:
https://outsource.gov.uz/oz/events/uzbekistan-outsourcing-conference-in-tokyo-2025
2025-02-25