IT Park va GameDevHQ Academy O‘zbekistonda o‘yin ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi

IT Park ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov va “GameDevHQ” bosh direktori Jonatan Vaynberger o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Kelishuv doirasida tomonlar o‘yin ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, akademiya bitiruvchilarining o‘z loyihalarini yaratishiga ko‘maklashish va GameDev startaplarini ishga tushirishga rag‘batlantirish ustida ishlaydilar.

Memorandumni imzolash Toshkent Metropolitan universiteti negizida birinchi GameDev akademiyasining ochilishi munosabati bilan amalga oshirildi.

Memorandum doirasida IT Park va “GameDevHQ” O‘zbekistonda GameDev sanoatini rivojlantirish va innovatsiyalarni rag‘batlantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda yuqori malakali mutaxassislarni birgalikda tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Ta’kidlash joizki, GameDev Akademiyasidagi dasturlar “Unity” va “Unreal Engine” kabi eng zamonaviy texnologiyalarni qamrab oladi va mahalliy hamda xalqaro bozor uchun mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Tomonlar “GameDevHQ” bitiruvchilarining kasbiy o‘sishi va sanoatda ko‘nikmalarini qo‘llashi uchun imkoniyatlar yaratib, ularni ish bilan ta’minlashga kelishib oldilar. Bundan tashqari, IT Park va “GameDevHQ” O‘zbekistondagi innovatsion startaplar va kompaniyalarning rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida GameDev sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro investorlarni jalb qilish ustida hamkorlik qiladi.

2025-yilda Toshkent Metropolitan Universitetida Game Development, Cybersecurity, DevOps, Project Engineering va boshqa dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markaziga aylanadigan Kompyuter fanlari fakulteti o‘z faoliyatini boshlaydi.

“GameDevHQ Academy” nafaqat mamlakatning global texnologiyalar bozoridagi mavqeyini mustahkamlaydi, balki jahon miqyosida GameDev sanoatini rivojlantirishga sezilarli hissa qo‘shishga qodir bo‘lgan yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu voqea mahalliy IT sohasi uchun yangi ufqlarni ochadi va yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda ularning raqobatbardoshligini oshirish orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘sini ko‘taradi.

2024-12-13