IT Park va JASA Yaponiya bozori uchun O‘zbekistonning IT-xizmatlar va IoT sohasidagi salohiyatini muhokama qildi

IT Park delegatsiyasi Global marketing va kommunikatsiyalar bo‘yicha direktor Jamila Xalibaeva rahbarligida, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akixiro Sakurai va “IT Bilim” bosh direktori Farrux Rasulev ishtirokida Yaponiya yarimo‘tkazgichlar va avtomatlashtirish assotsiatsiyasi (JASA) hamda uning rezident kompaniyalari, jumladan “GIC”, “YANAI”, “One” va boshqalar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida hamkorlik istiqbollari va Yaponiya kompaniyalari uchun O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlar muhokama etildi.

2005-yilda tashkil etilgan Yaponiya yarimo‘tkazgichlar va avtomatlashtirish assotsiatsiyasi (JASA) 200 dan ortiq rezident kompaniyani birlashtiradi va Yokogamaning eng yirik texnoparklaridan biri bo‘lgan “Yokohama Technopark” bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Uyushma bozorlarni o‘rganish, mutaxassislar malakasini oshirish, yapon kompaniyalarini globallashtirishga ko‘maklashish va IoT kabi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanadi.

Uchrashuvda “JASA” vakillari Yaponiya biznesining faoliyatini kengaytirish uchun yangi istiqbolli yo‘nalish sifatida O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini, shuningdek yapon tilini biladigan va Yaponiya texnologik bozori xususiyatlarini yaxshi tushunadigan mutaxassislar sonini ko‘paytirish muhimligini ta’kidladilar. Ikki mamlakat IT sohalari o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri Yaponiya kompaniyalari loyihalarida ishlash uchun o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, IT Park delegatsiyasi uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekistonning IT-kompaniyalar uchun afzalliklarini taqdim etdi. “JASA” vakillarida IT Park rezidentlariga ofis binolari va uskunalarini 12 oy davomida bepul foydalanishga beradigan “Zero Risk” hamda yangi bozorlarga chiqish uchun O‘zbekistonda mintaqaviy shtab-kvartira ochish imkoniyatini taqdim etuvchi “Regional HQ” kabi qo‘llab-quvvatlash dasturlari alohida qiziqish uyg‘otdi.

Tomonlar kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar va “JASA” vakillarining IT Park ekotizimi bilan tanishish hamda Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi istiqbollarini batafsilroq o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirildi.

“JASA” va uning rezident kompaniyalari bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun yuqori texnologiyalar global sektoriga integratsiyalashish uchun noyob imkoniyatlarni ochib, mahalliy mutaxassislarga innovatsion ishlanmalardan foydalanish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida yuqori texnologik sohalarda mahalliy mehnat resurslarining raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi, bilim va texnologiyalar almashinuvi uchun sharoit yaratadi. Bundan tashqari, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat yuritishi xalqaro investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchini oshirishga, yangi investitsiyalar uchun yo‘l ochishga va O‘zbekiston IT sohasi hamda umuman iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin.

2024-11-04