IT Park va JICA O‘zbekiston hududlarida BPO va IT-ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik tashabbuslarini muhokama qildi

IT Parkda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda IT-xizmatlar autsorsingi va hududlarda barqaror rivojlanish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda “JICA” dasturlari koordinatori Yamaguchi Koji, “JICA” volontyorlarining O‘zbekistondagi koordinatori Odilxon Xasanov, shuningdek IT Park vakillari — xalqaro bo‘lim boshlig‘i Dildora Nasibullayeva, Sharqiy Osiyo bo‘yicha eksport bo‘limi boshlig‘i Izzat Hamidov va xalqaro bo‘lim bosh menejeri Muslihiddin Narzullayev ishtirok etdilar. 

Tomonlar O‘zbekistonning qishloq hududlarida biznes jarayonlar autsorsingi markazlarini qo‘llab-quvvatlash va IT-ta’limni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Uchrashuv doirasida IT Park vakillari yoshlar orasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va IT sohasining barqaror o‘sishi uchun xalqaro tajribani jalb etishga qaratilgan “O‘zbekistonning qishloq joylarida BPO-markazlari va IT-ta’limni qo‘llab-quvvatlash” tashabbusini taqdim etdilar.

“JICA” vakillari volontyorlar bilan ishlashga qiziqish bildirdilar va hamkorlik yo‘nalishlarini, jumladan IT Park mintaqaviy markazlarida faoliyat yuritish uchun yapon ekspertlari va ko‘ngillilarini jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.  

Uchrashuv O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi muloqotning davomi bo‘lib xizmat qildi: tomonlar raqamli rivojlanish va IT-ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun “JICA” grant yordamini jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar. 

2025-05-08