Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park vakillari va O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatning IT sohasida mehnat munosabatlarini rivojlantirishga oid asosiy masalalar muhokama qilindi.
Bu nima uchun muhim?
O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi — ish beruvchilar (tadbirkorlar), ularning birlashmalari va jamoat tashkilotlari manfaatlarini himoya qiluvchi, iqtisodiy, ijtimoiy va mehnat munosabatlarini isloh qilishga qaratilgan faoliyat olib boruvchi tashkilotdir.
IT Park va Ish beruvchilar konfederatsiyasi hamkorligi
Tomonlar IT Park rezidentlarini mehnat munosabatlarini rivojlantirish dasturlariga jalb qilish yo‘llarini belgiladilar, shuningdek, huquqiy maslahatlar berish va mehnat masalalarini hal qilishda ko‘maklashish masalalarini muhokama qildilar.
Kadrlar salohiyatini rivojlantirish
Ish beruvchilar konfederatsiyasi vakillari IT sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini taqdim etdilar, shuningdek, qo‘shma o‘quv tadbirlarini o‘tkazish va yirik kompaniyalar bilan tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Xalqaro forumlarda ishtirok etish va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonni zamonaviy mehnat munosabatlariga ega va jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida xalqaro miqyosda tan olinishini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, global ITloyihalari va platformalarida ishtirok etish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi vakillari o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va mehnat hamda bandlik sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini aks ettiruvchi taqdimotlarni namoyish etdilar. Ushbu uchrashuv IT Park va O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda, mamlakatning IT-ekotizimini rivojlantirish va sohada mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
2025-02-04