IT Park va OTB ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshiradi

Joriy yilning 15-fevral kuni IT Park Uzbekistan ofisiga Osiyo taraqqiyot banki vakillari tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida janob Eysuke Tajima, taʼlim boʻyicha ijtimoiy sektor boʻlimining Markaziy va Gʻarbiy Osiyo mintaqasi mutaxassisi Farida Jumabayeva, Oʻzbekistondagi doimiy missiyasining gender va ijtimoiy rivojlanish boʻyicha mutaxassisi va loyiha menejeri, (Taʼlim va koʻnikmalarni rivojlantirish loyiha mutaxassisi) Navbahor Sharipovalar tashrif buyurdi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad — Oʻzbekistonda taʼlim darajasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni muhokama qilishdan iborat.

Mehmonlarni IT Park direksiyasining taʼlimni rivojlantirish boʻyicha direktor oʻrinbosari Mahliyo Muksinova, shuningdek, xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Nigora Mirjalilova va xalqaro aloqalar boʻyicha bosh menejer Sarvar Vohidovlar kutib oldi.

Dastavval, IT Park direksiyasi vakillari bank delegatsiyasini IT-klaster loyihasining maketi bilan tanishtirib oʻtdilar. Qolaversa, xorijiy mutaxassislarga soʻnggi 2 yil ichida IT-sohada qanday ishlar amalga oshirilgani haqida soʻzlab berildi. Shuningdek, ular kelgusi ikki yilda qurilish ishlarini kengaytirish rejalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Taʼlimni rivojlantirish boʻyicha IT-park direktori oʻrinbosari Maxliyo Muksinova IT Parkning asosiy yoʻnalishlari, xususan: Oʻzbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyotda IT-sohasini rivojlantirish, inson kapitali va salohiyati boʻyicha koʻmak va tashabbuslar haqida taqdimot qildi. Markaziy Osiyo mintaqasi, shuningdek, Oʻzbekistonning yosh aholisi haqida, uning atrofida ushbu sohani takomillashtirish boʻyicha butun strategiya amalga oshirilayotgani haqida ham atroflicha maʼlumot berib oʻtildi.

Yigʻilishda IT va BPO (Business Process Outsourcing) rivojini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan vazifalar koʻrib chiqildi. Tomonlar IT Park oʻz rezident kompaniyalariga taqdim etayotgan erkin iqtisodiy zona, IT-taʼlimni isloh qilish va yosh IT-mutaxassislarning yirik bazasini yaratish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, IT Parkda yoʻlga qoʻyilgan dasturlar, xususan, ayollarni IT sohasiga jalb etish va startap loyihalarini muhokama qildilar.

Janob Eysuke Tajima Oʻzbekistonning IT sohasida inson kapitali salohiyati oʻsib borayotganini qayd etdi. U mamlakatda IT sohasi jadal rivojlanayotganini taʼkidlab, taʼlimni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik muhimligini taʼkidladi.

2023-02-17