IT Park va rezidentlar: IT-ekotizimining o‘sishi uchun yangi tashabbuslar

IT Park Uzbekistan’da “CROWE TAC ADVISORY” va “FORCODE-PRO” rezidentlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbek IT-kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqish istiqbollari, chet el investorlarini jalb etish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

CROWE TAC ADVISORY va IT Park Uzbekistan: O‘zbekistonning jahon IT-bozoridagi o‘rnini mustahkamlash

“CROWE TAC ADVISORY” asoschisi va direktori Vera Bell hamda mutaxassislar jamoasi bilan uchrashuvda xalqaro kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish va IT Park rezidentlarining eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik tashabbuslari muhokama etildi.

“CROWE TAC ADVISORY” — IT Park Uzbekistan rezidenti bo‘lib, moliyaviy va buxgalteriya konsaltingi (CROWE TAC ADVISORY), ta’lim (CROWE ACADEMY) va B2B SPACE platformasi orqali moliyaviy xizmatlarni avtomatlashtirish sohalarida faoliyat yuritadi. Uning mijozlari orasida “Apple”, “Intel”, “Sturgeon Capital” va YEТТB kabi jahon miqyosidagi kompaniyalar bor. Kompaniya bu brendlar bilan hamkorlik qilishi uni O‘zbekiston IT-sektori uchun qimmatli sherikka aylantiradi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari

  • IT Park rezidentlarining xalqaro bozorlarga chiqishi — eksportga yo‘naltirilgan IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, chet ellik hamkorlarni izlab topish.
  • Xorijiy investorlarni jalb etish — O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari taqdimotlarida qatnashish.
  • Qo‘shma tadbirlarni tashkil etish — O‘zbekistonda va chet ellarda biznes tadbirlarini o‘tkazish.
  • Mutaxassislarni tayyorlash — “CROWE ACADEMY” orqali xalqaro ekspertlarni jalb qilish.
  • Startaplarni qo‘llab-quvvatlash — “IT Park Ventures” orqali istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etish.

FORCODE-PRO: O‘zbekistonda fintech yechimlari uchun yangi imkoniyatlar

“FORCODE-PRO” asoschisi va direktori Pyotr Timofeyev bilan uchrashuvda “Enterprise Uzbekistan” loyihasida ishtirok etish, global bozorlarga chiqish va xodimlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlik tashabbuslari muhokama qilindi.

“FORCODE-PRO” — IT Park rezidenti bo‘lib, yirik banklar uchun fintech yechimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan. 

Uchrashuvning asosiy natijalari

  • ENTERPRISE UZBEKISTAN — rezidentga eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar uchun qulay huquqiy va bank rejimiga ega maxsus iqtisodiy zona imkoniyatlari taklif etildi. “Enterprise Uzbekistan” 2025-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
  • Faoliyatni kengaytirish — kompaniya fintech yechimlarini ham O‘zbekistonda, ham chet el bozorlarida joriy etishni rejalashtirmoqda.
  • Xodimlar sonini ko‘paytirish — biznesning o‘sishi tufayli kompaniya malakali IT-mutaxassislarni ishga olishga qiziqish bildirmoqda, bu esa IT Park’ning ta’lim tashabbuslari bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Keyingi qadamlar

Uchrashuvlar O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirish uchun xalqaro hamkorlikning strategik ahamiyatini tasdiqladi. IT Park Uzbekistan investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va global IT-sanoatda ishlash uchun kadrlar tayyorlashbo‘yicha faol ishlarni davom ettirmoqda.

IT Park xalqaro hamkorlar va investitsiya fondlari bilan faol hamkorlik qilib, netvorking, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston IT-kompaniyalarining global darajaga chiqishi uchun imkoniyatlar yaratmoqda.

2025-03-24