IT Park delegatsiyasi Global marketing va kommunikatsiyalar boʻyicha direktor Jamila Xalibaeva boshchiligida “Toyota Tsusho Corporation” vakillari bilan uchrashdi. Ularni kompaniyaning raqamli boʻlimi rahbari Eiji Yatabe taqdim etdi. Uchrashuv 2025-yil apreligacha ochilishi rejalashtirilgan “Toyota Tsusho” kompaniyasining Oʻzbekistondagi ofisini roʻyxatdan oʻtkazish masalalariga bagʻishlandi.
“Toyota Tsusho Corporation” “Toyota Group” tarkibiga kiruvchi global savdo va investitsiya firmasi hisoblanadi. 1948-yilda tashkil etilgan kompaniyaning bosh qarorgohi Yaponiyaning Nagoya shahrida, asosiy ofisi esa Tokioda joylashgan. “Toyota Tsusho” metallurgiya, avtomobilsozlik, energetika, infratuzilma va raqamli yechimlar kabi sohalarda faol ish olib boradi, bunda barqaror rivojlanish va innovatsiyalarga alohida eʼtibor qaratadi. Taxminan 3000 nafar xodimga ega boʻlgan kompaniya taʼminot zanjirlarida asosiy rol oʻynaydi va infratuzilma hamda ishlab chiqish loyihalari orqali Afrikada faol faoliyat yuritadi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda mintaqaviy bosh qarorgoh ochilishi va kompaniyaning mamlakatimizdan turib yangi bozorlarga chiqishi masalalarini muhokama qilish boʻldi. “Toyota Tsusho” kompaniyasining Toshkentda vakolatxonasi mavjud boʻlib, u “Uztelecom” bilan strategik IT-hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Kompaniya Oʻzbekistonning mahalliy IT-korxonalari bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirmoqda. Kompaniya mamlakatimizdagi koʻplab ingliz tilini biladigan mutaxassislarning mavjudligini yuqori baholamoqda, chunki bu Kavkaz va MDH mintaqasida kengayish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Bundan tashqari, “Toyota Tsusho” qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy IT-kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Bu oʻzbekistonlik korxonalar uchun xalqaro loyihalarda ishtirok etish va Yaponiya bozoriga chiqish imkoniyatini yaratadi, shuningdek, ularning global maydondagi tajribasi va salohiyatini oshirishga yordam beradi. Ushbu hamkorlik oʻzbekistonlik kompaniyalarga ilgʻor texnologiyalar va xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatini yaratib, “NEC” kabi yapon hamkorlari bilan tashabbuskorlik loyihalarida ishtirok etish uchun yoʻl ochadi.
Eiji Yatabe, shuningdek, “Toyota Tsusho” mintaqaning istiqbollari va salohiyatini yanada kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo bozorini chuqur oʻrganish rejalarini maʼlum qildi.
Bunday hamkorlik Oʻzbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, xalqaro investitsiyalarni jalb qiladi, iqtisodiyot rivojiga hissa qoʻshadi va malakali mutaxassislar uchun ish oʻrinlari yaratadi. “Toyota Tsusho” bilan hamkorlik, shuningdek, mamlakatning asosiy tarmoqlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi, bu esa mintaqaning iqtisodiy va texnologik oʻsishiga koʻmaklashadi.
2024-11-01