IT Park va USAID O‘zbekiston IT-sohasida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi

2024-yil 5-fevral kuni “USAID” delegatsiyasi ayollarning texnologiyalar sohasidagi yutuqlari hamda “Tumaris.Tech” va “FoundHer” loyihalari natijalarini nishonlash uchun IT Park ofisiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad startap vakillari bilan ularning rivojlanish yo‘llarini muhokama qilish, ular duch kelayotgan mavjud qiyinchilik va muammolarni aniqlash, IT Park, USAID va boshqa ishtirokchilar ularning kelgusi rivojlanishiga qanday yordam berishi mumkinligini aniqlashdan iborat.

Tadbirda “Tumaris.Tech” va “FoundHer” loyihalarining startap vakillari, shuningdek, IT Park, “USAID” va “Plug and Play Uzbekistan” ekspertlari ishtirok etishdi. Startaplar o‘zlarining muvaffaqiyat hikoyalari bilan o‘rtoqlashdi va ushbu loyihalar ayollarning IT-sohasidagi roliga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ko‘rsatdilar.

Tadbirda USAID’ning gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha katta koordinatori — Jamila Bijio ishtirok etdi va loyihalarning yutuq va natijalari haqida gapirdi:

“Ayollar boshchiligidagi loyihalarning beqiyos yutuqlarini nishonlayotgan paytimizda, sizning oldingizda turganimdan faxrlanaman. Bugungi uchrashuv shunchaki tadbirkorlik sohasidagi innovatsion g‘oyalar namoyishi emas. Bu — ajoyib ayollarimizning startap ekotizimi rivojida asosiy o‘rin egallagan chidamlilik, ijodkorlik va qat’iyligidan dalolatdir”.

Shuningdek, u innovatsiyalar va barqaror o‘sishni rag‘batlantirishda gender xilma-xilligining rolini ta’kidlab, startaplar sohasida iqtidorli va intiluvchan ayollar sonining ortib borayotganini ta’kidladi.

IT Park Uzbekistan mahalliy IT-xizmatlarni kengaytirish bo‘limi bosh menejeri Ismina Mavlyankariyeva “USAID” bilan hamkorlik muhimligini ta’kidladi:

“USAID bilan hamkorlik loyihalarimiz muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Biz bu bilan cheklanib qolmay, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda davom etamiz va bizning keyingi rejamiz — IT Park dasturlarida ishtirok etadigan startaplarni xalqaro bozorga olib chiqish”.

Eslatib o‘tamiz, IT Park va “USAID” startap ekotizimini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilishmoqda. Ular “Tumaris.Tech” loyihasining ikki to‘lqinini O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda muvaffaqiyatli amalga oshirdilar.

Uchrashuv yakunida hamkorlik va startaplarni rivojlantirishning asosiy masalalari muhokama qilindi. Jamila Bijio ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida “USAID” tomonidan qanday tashabbuslar amalga oshirilayotgani haqida gapirdi. Mutaxassislar barcha fikr-mulohazalarni diqqat bilan tingladilar va ayol startapchilarning takliflariga e’tibor qaratishdi. Kelgusida IT sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oyalarini muvaffaqiyatli rivojlantirish va amalga oshirish uchun zarur yordam va resurslar bilan ta’minlash ishlari davom ettiriladi.

Ma’lumot uchun:

USAID — yetakchi xalqaro taraqqiyot agentligi barqaror rivojlanish sohasida “katalizator” sifatida faoliyat yuritishda davom etmoqda va IT Park bilan hamkorlik uning gender tengligini targ‘ib qilish va ayollar huquqlarini kengaytirishga sodiqligini tasdiqlaydi.

IT Park tomonidan 2020-yil iyun oyida USAID’ning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi ko‘magida ishga tushirilgan “Tumaris.Tech” loyihasi — axborot texnologiyalari sohasida tadbirkor ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan innovatsion dastur hisoblanadi. Ikki yil ichida “Tumaris.Tech” loyihasi O‘zbekiston chegarasidan tashqariga chiqib, Markaziy Osiyoning beshta davlatida o‘z faoliyatini kengaytirdi, 200 dan ortiq qizlar ta’lim olishdi, 83 ta loyiha qo‘llab-quvvatlandi va 50 ta mahsulot yaratildi.

“FoundHer” loyihasi ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, olti oy davomida O‘zbekistondagi istiqbolli biznes g‘oyalarni izlash bilan shug‘ullandi va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashdi. “FoundHer” loyihasining Markaziy Osiyodagi ayollar uchun axborot texnologiyalari sohasida teng sharoitlarni yaratishga intilishi treninglar va murabbiylik faoliyatini tashkil etishga yordam berdi, buning natijasida loyiha ishtirokchilari Silikon vodiysiga sayohat qilishdi va 2023-yili AQSh’da bo‘lib o‘tgan “Plug and Play” qishki sammitida ishtirok etishdi.

2024-02-06