IT Park vakillari Oʻzbekistondagi raqamli taʼlimni muhokama qilish uchun “Digital Knowledge” vakillari bilan uchrashuv oʻtkazishdi

Yaponiyaga tashrifi doirasida IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov Yaponiyaning “Digital Knowledge” taʼlim muassasasi vakillari (Toshkent shahridagi Japan Digital University – JDU asoschilari) bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur muhim voqea Oʻzbekistonning IT salohiyatini jahon miqyosida namoyon qilishga xizmat qiluvchi axborot texnologiyalari sohasidagi iqtidorli yoshlarni tayyorlash boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish yoʻlidagi qadam boʻldi.

Raqamli taʼlimga ixtisoslashgan, 250 nafardan ortiq xodimlar va yillik 4 million dollardan ortiq daromadga ega boʻlgan “Japan Digital University” Oʻzbekistonda raqamli bilimlarni kengaytirish va yangi kompaniyalarni jalb qilish hamda IT-isteʼdodlarning yangi toʻlqinini tayyorlash boʻyicha hamkorlik imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Universitet bosh direktori Yasuyuki Noguchi hamkorlikka ochiqligini bildirdi va Oʻzbekistonda raqamli bilimlarni tarqatish istiqbollari, shuningdek, mamlakatga yangi kompaniyalarni jalb qilish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari haqida gapirdi. Qayd etish joizki, “Digital Knowledge” allaqachon kompaniyani Oʻzbekistonga jalb qilishga oʻz hissasini qoʻshdi – “Friendly Tech” kompaniyasining ofisi 2024-yilning may oyida Toshkent shahrida ochiladi.

IT Park vakillari “Japan Digital University” bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirib, ularning tashabbuslarini Oʻzbekistonda amalga oshirishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar hamda yaqin kelajakda Oʻzbekistonga, xususan, IT Park Uzbekistanga tashrif buyurishga, shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining yangi ofislarini mamlakatimizga jalb qilish va ochishda yordam berish toʻgʻrisida kelishib oldilar.

2024-04-30