IT Park vakillari Pekinda “CODA” bilan uchrashuv o‘tkazdi

IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida Xitoyning xorijiy rivojlanish assotsiatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoyning “Nanjing Dingshan​​​​​​ Information Technology”, “Nettrix Information ​​​​​Industry (Beijing)”, “iMediway Technology” va “Huilan Technology” kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.

Xitoyning xorijiy rivojlanish assotsiatsiyasi akkreditatsiyadan o‘tgan milliy jamoat tashkiloti bo‘lib, u “Bir kamar — bir yo‘l” dasturi doirasidagi davlat siyosati va loyihalarini amalga oshirishda bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, uyushma Xitoy kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishi va xorijiy sarmoyalarni jalb etishida ko‘maklashadi.

Uchrashuvda Xitoy delegatsiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotining raqamli sektori o‘sish sur’atlari hamda O‘zbekistonda IT va autsorsing kompaniyalari uchun yaratilgan noyob biznes sharoitlari bilan tanishdi. Xususan, IT Park Uzbekistan jamoasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning misli ko‘rilmagan “Zero Risk”, “Softlanding” va “Regional HQ” dasturlarini taqdim etdi. Bu dasturlar tez sur’atlarda rivojlanishni maqsad qilgan tashkilotlarga o‘z resurslarini ustuvor biznes vazifalariga yo‘naltirishga imkon beradi.

Assotsiatsiya a’zolari O‘zbekiston IT-bozoriga qiziqish bildirdilar va yaqin kelajakda mamlakat infratuzilmasi bilan tanishish va O‘zbekistonni o‘z bosh qarorgohi uchun joy sifatida ko‘rib chiqish maqsadida zarur bozor tadqiqotlarining dastlabki bosqichini o‘tkazish uchun mamlakatga tashrif buyurishni rejalashtirmoqdalar.

O‘z navbatida, bu O‘zbekiston IT-sektoriga Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkonini beradi. Shuningdek, mahalliy IT va BPO-mutaxassislarini, ayniqsa, ingliz va xitoy tillarini biladigan (tegishlicha 5 million va 10 mingdan ortiq) mutaxassislarni yuqori maoshli ish bilan ta’minlashga yordam beradi.

2024-09-12