IT Park vakillari Yaponiyaning “NEC Corporation” korporatsiyasi rahbarlari bilan uchrashdilar

Yaponiyaga uyushtirilgan tashrif doirasida bosh direktor Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Yaponiyaning “NEC Corporation” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Uchrashuv Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi.

“NEC Corporation” 1899-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirgi kunda 118 000 nafardan ortiq xodim ega IT-xizmatlar va ijtimoiy infratuzilma sohasidagi jahon yetakchisi hisoblanadi va yillik daromadi 24,3 milliard dollarni tashkil etadi. Oʻzbekistondagi “NEC Corporation” allaqachon oʻz biznesida muhim rol oʻynaydigan “Uztelecom” kompaniyasi bilan hamkorlik loyihalariga ega.

Uchrashuvda “NEC Corporation” kompaniyasining Global strategiya boʻyicha direktori va Markaziy Osiyodagi bosh vakili Xiroshi Kavada IT Park delegatsiyasi bilan maʼlumotlar markazlarini boshqarish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, Oʻzbekistonda IT sohasini rivojlantirishning boshqa imkoniyatlarini muhokama qildi. Janob Kavadaga xorijiy IT-kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari va imtiyozli shart-sharoitlar, shuningdek, Oʻzbekistonning jozibador ishbilarmonlik muhiti taqdim etildi.

Bundan tashqari, uchrashuv doirasida “NEC Corporation”ning Oʻzbekiston hududidagi mavjud vakolatxonasi faoliyatini yanada kengaytirish hamda kelgusida IT Park Uzbekistan rezidenti boʻlish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Oʻz navbatida, “NEC Corporation” vakillari Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini chuqur oʻrganib chiqqandan soʻng, Oʻzbekistonda ofis ochish va mahalliy mutaxassislarni ish bilan taʼminlash niyatida ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Uchrashuv yakunida Farhod Ibragimov janob Kavada boshchiligidagi “NEC Corporation” vakillarini kelgusida samarali muzokaralar olib borish va mamlakatning IT-sohasi bilan yaqindan tanishish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishni taklif qildi.

2024-05-01