IT Park Ventures Amazon Web Services bilan rasmiy Activate Provider sifatida hamkorlik qiladi

“IT Park Ventures” dunyoning eng ilg‘or startaplarini qo‘llab-quvvatlovchi “AWS Activate Providers” global tarmog‘iga qo‘shilganini faxr bilan e’lon qiladi. Bu muhim voqea “ICT WEEK Uzbekistan 2025” doirasidagi “Startup & Venture Summit” tadbirida ma’lum qilindi.

Ushbu hamkorlik natijasida “IT Park Ventures” tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan startaplar “Amazon Web Services” (AWS) platformasining quyidagi eksklyuziv imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar:

  • AWS Cloud kreditlari — so‘nggi 12 oy ichida investitsiya jalb qilgan Seed va Series A bosqichidagi startaplar uchun 10 000 dollargacha promo-kreditlar; kreditlar 2 yil davomida amal qiladi (AWS Activate shartlari va mezonlariga muvofiq).

  • Dastur ishtirokchilari uchun maxsus takliflar, startaplarning o‘sishini tezlashtirishga qaratilgan.

  • AWS Activate Console — yaratish, kengaytirish va muvaffaqiyatga erishishga yordam beruvchi vositalar, resurslar va ekspert ko‘magini o‘z ichiga olgan kuchli platforma.

Asoschilarni qo‘llab-quvvatlash

Ushbu qadam O‘zbekiston va mintaqaviy startaplarga global “unicorn” kompaniyalarning muvaffaqiyatiga asos bo‘lgan infratuzilma va resurslardan bevosita foydalanish imkoniyatini yaratadi. MVP ishlab chiqishdan tortib xalqaro miqyosgacha — “IT Park Ventures” portfel kompaniyalari endi jahon darajasidagi bulutli texnologiyalardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov ta’kidladi:

“AWS bilan hamkorlik tufayli biz O‘zbekistondagi asoschilarga dunyoning yetakchi startaplari foydalanayotgan infratuzilmadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyatini taqdim etmoqdamiz. Bu O‘zbekistonni mintaqadagi startaplar va venchur investitsiyalari bo‘yicha yetakchi markazga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. IT Park Uzbekistan’da biz startap ekotizimini rivojlantirishga katta kuch sarflamoqdamiz — dastlabki bosqichdagi asoschilarga yordam berishdan tortib, akseleratorlarni ishga tushirish va xalqaro kompaniya hamda venchur sarmoyalarni jalb qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olmoqdamiz. “IT Park Ventures” uchun bu hamkorlik dadil startap asoschilariga ko‘proq yordam berish, mahsulotlarni ishlab chiqishni tezlashtirish va startaplarimizning xalqaro miqyosda kengayishiga ko‘maklashish imkoniyatlarini anglatadi. Biz innovatsiyalar uchun yangi ufqlarni ochish va asoschlarimizga jahon maydonida raqobatlashishga yordam berish maqsadida AWS bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz.”

IT Park Ventures bosh direktori Azamat Karamatov qo‘shimcha qildi:

“Biz AWS kompaniyasining mintaqamiz startap ekotizimiga bo‘lgan e’tiborini yuqori baholaymiz. Bunday e’tirof kelgusidagi yanada keng ko‘lamli hamkorlikning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Biz startaplarga dastlabki bosqichlarda yordam berishning naqadar muhimligini tushunamiz va AWS bizning missiyamizni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilganidan xursandmiz.”

Ushbu hamkorlik IT Park Uzbekistan’ning strategik maqsadi — Markaziy Osiyo startaplarini global texnologik ekotizimga integratsiyalashuvini aks ettiradi. AWS resurslaridan foydalanish imkoniyati tufayli IT Park O‘zbekistonning mintaqada jadal rivojlanayotgan tadbirkorlik va venchur investitsiyalar markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda.

Amazon Web Services haqida

“Amazon Web Services” dunyodagi eng yirik va keng qo‘llaniladigan bulutli platforma bo‘lib, mijozlarga har qanday g‘oyani ro‘yobga chiqarish uchun vositalar taqdim etadi. AWS platformasi yuqori xavfsizlik, ishonchlilik va samaradorlik ko‘rsatkichlariga ega global infratuzilmada keng ko‘lamli innovatsion bulutli yechimlar va ekspert bilimlarini taklif qiladi.

2025-09-25