7-dekabr kuni “Digital Startups Week 2024” doirasida startaplarni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan “IT Park Ventures” venchur fondining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimni Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Umarov, IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov va “IT Park Ventures” direktori Azamat Karamatov olib bordi.
“Bizning asosiy maqsadimiz yuqori salohiyatli startaplarni topish, ularning rivojlanishiga sarmoya kiritish va xalqaro bozorlarga chiqishlariga yordam berish orqali Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshirishdir,“ — dedi Azamat Karamatov fondning strategik vazifasini taʼkidlab.
“IT Park Ventures” asosiy yoʻnalishlarda rivojlanayotgan startaplarni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratadi: sunʼiy intellekt va mashinali oʻqitish (AI/ML), yashil texnologiyalar (GreenTech), taʼlim texnologiyalari (EdTech), moliyaviy texnologiyalar (FinTech) va oʻyin ishlab chiqarish (Game Development). Ushbu yoʻnalishlar global rivojlanish va innovatsion yechimlarni joriy etish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida tanlandi.
Jamgʻarma startaplarni rivojlanishning barcha bosqichlarida qoʻllab-quvvatlashni rejalashtirmoqda, bu esa ularga ulkan gʻoyalarni amalga oshirish uchun sarmoya olish imkoniyatini beradi. Masalan, gʻoya bosqichidagi startaplar 10 000 dollardan 30 000 dollargacha, tayyor MVP bilan esa 50 000 dollardan 150 000 dollargacha moliyalashtirish olishi mumkin. Oʻsish bosqichidagi startaplar 150 000 dollardan 300 000 dollargacha sarmoya jalb qilishi mumkin. Shu bilan birga, agar loyiha yuqori salohiyatni koʻrsatsa va kengaytirishga tayyor boʻlsa, jamgʻarma A seriyadagi raundlarga sarmoya kiritishi mumkin, bunda investitsiyalar miqdori 1 million dollargacha yetishi mumkin.
Investitsiyalash — fond taklif qiladigan vositalardan biri, xolos. Qarorga koʻra, “IT Park Ventures” xalqaro venchur fondlari yoki biznes farishtalari tomonidan startaplarga kiritilgan har bir xorijiy investitsiyani 100 000 AQSH dollari miqdorida ikki baravarga oshiradi. Bundan tashqari, startaplar garovsiz 300 million soʻmgacha kredit olishlari mumkin boʻladi. Bu stavka Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizga yuqori boʻladi.
Shu bilan birga, “IT Park Ventures” oʻz oldiga yanada kengroq vazifalarni qoʻyadi. Jamgʻarma nafaqat moliyalashtirishni taqdim etadi, balki startaplarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Bunga yuridik va marketing yordami, biznesni rivojlantirishga koʻmaklashish va xalqaro aloqalar tarmogʻiga kirish imkoniyati kiradi. Bunday yondashuv yosh kompaniyalar duch keladigan toʻsiqlarni bartaraf etish va ularning barqaror oʻsishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Oʻzbekistonda startap ekotizimining oʻsish dinamikasi tashabbusning muhimligini tasdiqlaydi. 2024-yilning 11 oyi yakunlariga koʻra, mamlakatda 400 dan ortiq istiqbolli startaplar roʻyxatga olingan boʻlib, ular 148 million dollardan ortiq investitsiyalarni jalb qilgan. Mazkur mablagʻlarning katta qismi xalqaro jamgʻarmalardan kelib tushgan, bu esa Oʻzbekistonning xorijiy investorlar uchun jozibadorligini koʻrsatadi.
Ushbu jarayonlar allaqachon mavjud boʻlgan mahalliy venchur fondlari — “UZVC”, “AloqaVentures”, “Semurg.vc” va “UCVentures” tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Yangi “IT Park Ventures” fondi startaplar va investorlar oʻrtasida muhim bogʻlovchi boʻgʻin boʻlib, mamlakat innovatsion ekotizimining markaziga aylanadi.
“IT Park Ventures” fondining ishga tushirilishi nafaqat startaplar rivojlanishini ragʻbatlantiradigan, balki mamlakatda yangi investitsiya madaniyatini shakllantirishga hissa qoʻshadigan strategik qadamdir.
2024-12-07