IT Park Ventures: O‘zbekistondagi startaplarga ilk venchur investitsiyalar

“IT Park Ventures” venchur investitsiyalar maydoniga ishonch bilan kirib kelmoqda. U umumiy qiymati 650 000 AQSh dollariga teng bo‘lgan dastlabki strategik bitimlarni imzolab, O‘zbekiston startap ekotizimida tezlik, samaradorlik va kengayishning yangi me’yorini o‘rnatdi.

100 dan ortiq startapni sinchkovlik bilan o‘rganish jarayonida jamoa dastlabki rezidentlarni portfelga kiritishdan oldin 50+ dan ziyod kompaniya bilan batafsil uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tahlilga asoslangan investitsiyalar

Tanlov jarayoni bozorni chuqur tahlil qilish, moliyaviy modellashtirish va strategik prognozlashga asoslandi. “IT Park Ventures” har bir startapning biznes modellari, raqobatbardosh ustunliklari va kengayish salohiyatini har tomonlama baholab, texnik, moliyaviy va huquqiy audit bilan to‘ldirdi. Unit-iqtisodiyot hisob-kitoblari amalga oshirildi va “Plug and Play Tech Center” tadqiqotlari bozor imkoniyatlari haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Startaplarning rivojlanishini tezlashtirish va ularni global darajaga olib chiqish uchun “IT Park Ventures” O‘zbekistondagi “Plug and Play Tech Center” ofisi, EMEA mintaqasi va AQShdagi ofislar bilan mahalliy vakolatxona orqali hamkorlik qilmoqda. “Plug and Play Tech Center” “PayPal”, “Dropbox” va “Rappi” kabi texnologik gigantlarga yordam bergan va fintech, AI, deep tech hamda boshqa sohalardagi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Har tomonlama tahlildan so‘ng, loyihalar investitsiya qo‘mitasiga taqdim etildi. U yerda mutaxassislar ularning strategiyasi, moliyaviy barqarorligi va texnologik istiqbollarini sinchkovlik bilan baholadilar. Natijada mamlakat venchur bozori uchun namuna bo‘lgan va O‘zbekistonning mintaqaviy innovatsiyalar markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlagan rekord darajadagi tezkor bitimlar tuzildi.

Portfelning innovatsion startaplari

DATATRUCK: AQSh logistika bozori uchun o‘zbek yechimi. Sun’iy intellektga asoslangan yangi avlod TMS (Transportation management system).

Datatruck — yuk tashish sohasidagi moliyaviy va operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish platformasi bo‘lib, A seriyasidan oldingi bridj raundida “IT Park Ventures”dan 250 000 dollar mablag‘ jalb qildi. Uning innovatsion “TruckGPT” texnologiyasi qo‘lda bajariladigan amallarni 60 foizgacha kamaytiradi. AQShning 9000 dan ortiq banki bilan integratsiyalashuvi esa pul oqimlarini buyurtmalar bilan sinxronlashtirish imkonini beradi, bu esa logistika boshqaruvini yanada samaraliroq qiladi.

“Yuk tashish sanoati uzoq vaqt davomida eskirgan tizimlar va qo‘lda bajariladigan jarayonlar tufayli samarasizlikdan aziyat chekdi. ‘Datatruck’da biz buni AI-avtomatlashtirish yordamida operatsion boshqaruv va moliyani birlashtirish orqali o‘zgartirishga intilamiz. ‘IT Park Ventures’ va ‘Aloqa Ventures’ investitsiyalari tufayli biz ko‘lamni kengaytirish, jamoani mustahkamlash, mahsulotni takomillashtirish va hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bizning e’tiborimiz sohadagi asosiy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan: moliyaviy jarayonlarning tarqoqligi, daromad yo‘qotishlari va operatsion samarasizlik, shuningdek, yuk tashish bozorini o‘zgartiradigan fintexga kirish va sun’iy intellekt agentlarini rivojlantirish,” — dedi “DataTruck” hammuassisi va bosh direktori Shohrux Rahmonov.

Batafsil: www.datatruck.io

GEOMOTIVE: tashqi reklamaning raqamli transformatsiyasi. Biznes egalari va reklama beruvchilar uchun ishonchli tahlil.

Geomotive — LED ekranlarni yagona platformaga birlashtirgan DOOH-reklama marketpleysi. Seed bosqichida “IT Park Ventures”dan 200 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya jalb etdi. Platforma brendlarga geotargeting, avtomatlashtirilgan xaridlar va aniq samaradorlik ko‘rsatkichlaridan foydalangan holda raqamli reklama moslashuvchanligi bilan reklama kampaniyalarini boshqarish imkonini beradi. “Geomotive” allaqachon O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Misr va Dubayda faoliyat yuritmoqda va yaqin kelajakda Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon, Iordaniya va Buyuk Britaniya bozorlariga kirib borishi kutilmoqda.  

“IT Park Ventures tomonidan qo‘llab-quvvatlash biz uchun juda muhim. Bu bizga mahsulotlarimizni, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo bozorlarida rivojlantirishda yangi bosqichni boshlash imkonini beradi. Bundan tashqari, MENA, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda IT Park xalqaro tashabbuslarini faol rivojlantirish bizning mahsulotimiz uchun ushbu mamlakatlarda ishga tushirish uchun ishonchli asos yaratadi,” — dedi “GEOMOTIVE” hammuassisi va texnik direktori Aleksey Xaynovskiy.

Batafsil: www.geomotive.io

UNITLAB AI: Ma’lumotlarni belgilash uchun qulay vosita va AI-dasturchilari uchun yordamchi.

Unitlab AI — ma’lumotlarni belgilashni avtomatlashtirish, sun’iy intellekt modellarini boshqarish va ularni o‘qitish uchun platforma. Startap Seed bosqichida “IT Park Ventures”dan 200 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya jalb qildi. “Unitlab AI” texnologiyasi ma’lumotlarni belgilashni 15 baravar tezlashtiradi, xarajatlarni 5 baravar kamaytiradi va muhandislarning 60 foizgacha vaqtini tejaydi. Kompaniya AQShda (Delaver) ro‘yxatdan o‘tgan va ilgari “500 Global” va “Startup Wise Guys”dan 210 000 dollar, shuningdek, “NVIDIA”, “AWS” va “Google for Startups”dan 300 000 dollarlik grantlar olgan.

“IT Park Ventures’ning dastlabki portfel kompaniyalaridan biri bo‘lishdan mamnunmiz. Bu nafaqat investor, balki ishonchli hamkordir. Tashkilot moliyaviy yordam berish bilan cheklanmay, bizni faol qo‘llab-quvvatlaydi va potensial mijozlar bilan bog‘laydi. ‘IT Park Ventures’ jamoasi bizning bozorimiz va mahsulotimizni chuqur tushunadi, miqyosni kengaytirish va sotuvni rivojlantirish bo‘yicha qimmatli maslahatlar beradi. Ularning strategik yordami bizga yangi bosqichga chiqish va yangi bozorlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirishga yordam berishiga ishonamiz,” — deya ta’kidladi “Unitlab AI” asoschisi va direktori Shohrux Bekmirzayev.

Batafsil: unitlab.ai

IT Park Ventures: kelajakka sarmoya

Azamat KARAMATOV, “IT Park Ventures” bosh direktori:

“Bu bitimlar shunchaki investitsiya emas, balki O‘zbekiston venchur bozorini rivojlantirishga qaratilgan strategik qadamdir. Ular yurtimizda jahon darajasidagi innovatsiyalar yaratilayotganini isbotlamoqda. Bizning maqsadimiz nafaqat moliyalashtirish, balki startaplarni global muvaffaqiyatga yetaklashdir. E’tiborli jihati shundaki, Datatruck allaqachon AQSh bozorida faoliyat yuritmoqda, ‘Unitlab’ foydalanuvchilari esa asosan AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Kanada fuqarolaridir. Bu esa mazkur loyihalarning eksport salohiyati va xalqaro miqyosdagi talabini ko‘rsatib turibdi. O‘z navbatida, Geomotive loyihasi allaqachon MDH hududida ish olib bormoqda va Yaqin Sharq hamda Shimoliy Afrika (MENA) bozorini zabt etishdek ulkan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan.”

IT Park Ventures jamg‘armasi haqida:

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni (PQ-357, 14.10.2024) asosida “Digital Startup” dasturi doirasida tashkil etilgan. Jamg‘arma AI/ML, GreenTech, EdTech, FinTech, GameDev va boshqa sohalardagi startaplarga sarmoya kiritadi. Investitsiyalar hajmi 10 ming dollardan (g‘oya bosqichi) 1 million dollargacha (A seriyasi), o‘rtacha miqdori 150 ming dollarni tashkil etadi. Startaplar nafaqat moliyaviy yordam, balki mentorlik ko‘magi, xalqaro aloqalar va davlat hamkorligidagi moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hamkorlar orasida Markaziy Yevroosiyo va AQSh investorlari ham bor.

Startapingiz bormi? Ariza topshiring: itparkventures.uz

 

2025-03-11