IT Park “World IT Show 2025” ko‘rgazmasida Koreya IT-kompaniyalari bilan hamkorlik ufqlarini kengaytirmoqda

IT Park Uzbekistan va uning rezidentlari — “Oson Group”, “BRB Tech” hamda “ART KAR” xalqaro “World IT Show 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etib, O‘zbekistonning IT-salohiyatini namoyish etdilar. Ushbu ko‘rgazmada 1 200 dan ortiq kompaniya va 75 000 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. IT Park 100 dan ortiq xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi. Ularning aksariyati O‘zbekistonda ofis ochish, shuningdek, loyihalarni autsorsing asosida topshirishga tayyor ekanini bildirdi.  

IT Park rezidentlari “Local2Global.Korea” dasturi doirasida ishtirok etishdi.

Oson Business” dinamik QR-to‘lov tizimlariga oid yechimlarni taqdim etdi. Kompaniya “Kmall App Powercall”, “QQTrade”, “Telecentro” va “E9PAY Co., Ltd.” kompaniyalari bilan Janubiy Koreya bozoriga kirish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib bordi. 

BRB Tech” onlayn bank xizmatlari va hisob-kitoblarni boshqarish kabi fintech yechimlarini taqdim etdi. Kompaniya Vyetnamning “INFINIGRU Corporation” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi, shuningdek, bir qator koreya kompaniyalari (BOZORAKA LLC, INZENT LLC, XL8 INC) bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlar natijasida yaqin kelajakda qo‘shimcha kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

ART Kar” mobil o‘yinlar va VR-simulyatorlarini taqdim etdi, “Proxy Planet” bilan uchrashuv o‘tkazdi, “The Korea Economic Daily” nashriga intervyu berdi va o‘z mahsulotlariga koreys bozorida sezilarli qiziqish uyg‘otdi. Kompaniya ayni paytda o‘yinlarni koreys bozoriga moslashtirish va targ‘ib qilish ustida ishlamoqda.   

Koreya IT-kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash

Koreyaga tashrif doirasida IT Park Uzbekistan vakillari — Jahongir Kagirov va Nodirbek Berdikobilov Koreyaning yetakchi texnologik va autsorsing kompaniyalari, ta’lim muassasalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Delegatsiya, shuningdek, Osiyodagi eng yirik IT-ko‘rgazmalardan biri bo‘lgan “World IT Show 2025”da ham ishtirok etdi. Tashrifning asosiy yo‘nalishlaridan biri investitsiyalarni jalb qilish, loyihalarni birgalikda amalga oshirish va axborot texnologiyalari, o‘yin ishlab chiqarish va BPO sohasida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘ldi.

Megazone Cloud

IT Park Uzbekistan IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish departamenti rahbari Jahongir Kagirov “Megazone Cloud” kompaniyasining “Ability Development Center” rahbari Shin Jungin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar “AWS Cloud” bo‘yicha ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish va “Megazone Cloud” xalqaro loyihalari ustida ishlash uchun o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. O‘qitilgan kadrlar kompaniyaning O‘zbekistondagi ofisidan turib loyihalarga jalb qilinadi.

Kompaniya, shuningdek, mamlakatda o‘z vakolatxonasini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Yaqin haftalarda mazkur o‘quv dasturiga doir batafsil reja va yo‘l xaritasi taqdim etilishi kutilmoqda. IT Park bulutli texnologiyalar sohasida barqaror kadrlar bazasini shakllantirish uchun mutaxassislarni tanlash va OTMlar bilan hamkorlik qilishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Megazone Cloud — Osiyodagi eng yirik bulutli yechimlar provayderlaridan biri.

BrickMate: O‘zbekiston bozoriga qiziqish

“BrickMate” kompaniyasi ijrochi direktori Che Xi San uchrashuv davomida kompaniyani rivojlantirish uchun istiqbolli hudud sifatida O‘zbekistonga qiziqish yuqori ekanligini ta’kidladi. U O‘zbekistonda ofis ochish uchun shart-sharoitlarni o‘rganish niyatini bildirdi.  Yaqin kunlarda kompaniya vakillari bozorni chuqurroq o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

BrickMateo‘zining Vetnamdagi IT-rivojlanish markazida 130 dan ortiq mutaxassisga ega bo‘lgan kompaniya bo‘lib, koreyalik buyurtmachilar va pudratchilar o‘rtasida loyiha menejeri vazifasini ham bajaradi. Kompaniya O‘zbekiston IT-kompaniyalariga koreyalik mijozlardan buyurtmalar olishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. 

NTQ Korea: SAP Cloud buyurtmalari va GBS Forumda ishtirok etish

Jahongir Kagirov “NTQ Korea” kompaniyasi vitse-prezidenti Yun Jun Son bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniya O‘zbekistonni o‘z biznesini kengaytirish uchun yangi markaz sifatida ko‘rib chiqmoqda. Yaqin orada kompaniya tomonidan “SAP Public Cloud” buyurtmalarini o‘zbekistonlik pudratchilarga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Yun Jun Son joriy yilning iyul oyida Toshkentda o‘tkaziladigan “GBS Forum”da ishtirok etish niyatida ekanini bildirdi.

NTQ Korea — bosh ofisi Vyetnamda joylashgan, 1300 dan ortiq xodimga ega kompaniya.

KOCCA: GameDev kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma tadbirlar rejalari

IT Park vakili “KOCCA” — Koreya kreativ kontent agentligining o‘yin biznesini akseleratsiya qilish va ta’lim dasturlari bo‘yicha direktori Li Jong Hun bilan uchrashdi. Tomonlar kreativ texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. “KOCCA” 100 dan ortiq koreys o‘yin kompaniyalari ishtirokida qo‘shma seminar tashkil etishga, shuningdek, delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrif buyurish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. 

Geymdev yo‘nalishida kadrlar tayyorlash

Tashrif doirasida “Gyeonggi Game Meister” ixtisoslashtirilgan oliy maktabi bosh direktori Chon De Shik bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘quvchilarni saralash tizimi, ta’lim yo‘nalishlari (o‘yin dizayni, art dizayn va dasturlash) hamda bitiruvchilarning ishga joylashish ko‘rsatkichlari haqida fikr almashdilar.  

Shine Soft: O‘zbekiston bozoriga qiziqish

“Shine Soft” kompaniyasi bosh direktori Shin Gvan Bae O‘zbekistonning IT-kompaniyalar uchun taqdim etayotgan imkoniyatlari, jumladan, ‘aqlli zavodlar” uchun yechimlar ishlab chiqishga qiziqish bildirdi. Kompaniya hozirgacha xorijda o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lmagan bo‘lsa-da, vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

KS Korea JOBS INC.: O‘zbekistonda BPO-ofis ochish

KS Korea JOBS INC.” ijrochi direktori Kang Gyeong Po O‘zbekistonda ofis ochish uchun bozorni o‘rganish rejalari haqida ma’lum qildi. “KS Korea JOBS INC.” koreyalik mijozlar uchun “chat-konsalting” xizmatlarini O‘zbekistonda ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirib, buning uchun 50 ish o‘rni yaratishni maqsad qilgan. IT Park vakili davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari, jumladan, “Zero Risk” dasturi va “Softlanding” xizmatlari haqida taqdimot o‘tkazdi. 

KS Korea JOBS INC. — “Lotte”, “Coupang” va “Samsung” kabi yirik kompaniyalar uchun autsorsing call-markaz xizmatlarini ko‘rsatadigan, Koreyadagi eng yirik 5 ta BPO-kompaniyasi qatoriga kiruvchi tashkilot bo‘lib, 8500 nafar xodimga ega. 2024-yilda kompaniyaning tovar aylanmasi hajmi 161 million dollarni tashkil etdi.

Freekey bilan memorandum

IT Park “Freekey” bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Kompaniya bosh direktori Kim Tae Hun koreys kompaniyalarining buyurtmalarini o‘zbekistonlik dasturchilarga topshirish, shuningdek, ularni jalb qilishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. “Freekey” hozirda o‘zbekistonlik dasturchilar bilan tanishuv ilovasini yaratish loyihasi doirasida hamkorlik qilmoqda. 

Freekey — mobil ilovalar va o‘yin dasturlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan kompaniya.

Korea Open Cyber University bilan memorandum

Shuningdek, tashrif doirasida “Korea Open Cyber University” bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hamkorlik doirasida universitetning ta’lim platformasidan IT-yo‘nalishlarida hamda koreys tilini o‘qitishda foydalanish, 2026 yilda “AI Health & Beauty” loyihasini birgalikda amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, universitet o‘zbekistonlik kompaniyalar portfelini Koreya IT-assotsiatsiyasining platformasida joylashtirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Creative Factory: O‘zbekistonda ofis ochish niyatida

Kompaniya asoschisi Shin Seo Hyun O‘zbekiston mutaxassislarining ko‘p tillilik salohiyatini yuqori baholadi. “Creative Factory” animatsiya va o‘yin texnologiyalari sohasidagi mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, sun’iy intellekt yordamida ingliz va rus tillaridagi audiokitoblarni ovozlashtirish bo‘yicha buyurtmalarni bajarish maqsadida O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishga qiziqish bildirdi. Kompaniya vakillari joriy yil iyul oyida bo‘lib o‘tadigan “GBS” forumda ishtirok etib, infratuzilma bilan yaqindan tanishishni va yakuniy qaror qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Creative Factory — 30 yildan ortiq tajribaga ega, audiokitoblarni ovozlashtirish va o‘yinlar uchun tovush dizayni sohasida faoliyat yurituvchi kreativ studiya.

Global Invest Forum’dagi taqdimot

Ko‘rgazma doirasida IT Park vakillari “Global Invest Forum”da ham ishtirok etdilar. Nodirbek Berdikobilov 60 nafar ishtirokchiga xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, infratuzilma, malakali kadrlar va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

IT Park va Koreya kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonning IT sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Qo‘shma tashabbuslar nafaqat mamlakatning axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlar salohiyatini mustahkamlaydi, balki O‘zbekistonni xalqaro IT-loyihalari uchun istiqbolli maydon sifatida ham namoyish etadi. Bunday loyihalar tufayli yosh mutaxassislar jahon miqyosidagi bilimlarga ega bo‘ladi, mamlakat esa yangi ish o‘rinlari va innovatsion iqtisodiyotga sarmoyalar jalb qiladi.

2025-05-02